O‘zbekiston | 20:15 / 17.11.2021
1486
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda qashqadaryolik haydovchi boshqaruvidagi yuk mashinasida yong‘in sodir bo‘ldi

Foto: FVV matbuot xizmati

Jizzax viloyatida qashqadaryolik shaxs boshqaruvida bo‘lgan, harakatlanib ketayotgan yuk mashinasida yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda uning ustiga yuklangan paxtaning bir qismi yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 17 noyabr kuni soat 17:02larda Jizzax viloyati FVBga 101 qisqa raqami orqali M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Sh.Rashidov tumani hududidan o‘tuvchi 998-kilometrida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida ma'lumot kelib tushgan.

Aytilgan joyga darhol yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yuborildi. Ular soat 17:27da manzilga yetib borishgan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida yuk mashinasi va uning yukxonasida bo‘lgan 97 toy paxta xomashyosi yong‘indan saqlab qolingan. Yong‘in soat 17:42da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro B.Sh. boshqaruvidagi MAN rusumli yuk mashinasiga yuklangan 18 toy paxta xomashyosi yonib zararlangan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Qayd etilishicha, hozirda yong‘in sababi va ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid