O‘zbekiston | 12:15 / 18.11.2021
1440
2 daqiqa o‘qiladi

Bryusselda «Xiva madaniyati kunlari» o‘tkazildi

Belgiya poytaxtida ilk marotaba O‘zbekistonning qadimiy shahri tarixi va bugungi kuniga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar o‘tkazildi.

Foto: Anadolu Agency

15 noyabr kuni Belgiya poytaxti Bryussel shahrida «Xiva madaniyati kunlari» boshlandi. Tadbir Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY), «Yevropa Ittifoqi - O‘zbekiston do‘stlik guruhi», O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamkorligida O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasida katta konsert dasturi va gastronomik shou bilan boshlandi.  

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, turkiyalik deputat Ruhi Ersoy, TURKSOY bosh kotibi Dusen Kaseinov, «Yevropa Ittifoqi - O‘zbekiston do‘stlik guruhi» rahbari Richard Charnetski, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Dilyor Hakimov ishtirok etdi.

Foto: Anadolu Agency

So‘ngra, Yevropa Parlamenti binosida «Buyuk Ipak yo‘li madaniy merosini asrash va ommalashtirish – turk dunyosining 2020-yilgi poytaxti Xiva shahri haqidagi taassurotlar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

16 noyabr kuni Turk savdo va sanoat palatasi ittifoqining Bryusseldagi vakilligida «2020 yilgi turk dunyosi madaniyat poytaxti Xivadan taassurotlar» nomli fotoko‘rgazma ish boshladi.

Foto: Anadolu Agency

Ma'lumot o‘rnida, turk dunyosining madaniyat poytaxti TURKSOY tashkilotiga a'zo mamlakatlarning madaniyat vazirlari qarori bilan e'lon qilinmoqda. Ushbu tashabbus tatbiq etilgan 2012 yildan boshlab Astana (Qozog‘iston), 2013 yilda Eskishehir (Turkiya), 2014 yilda Qozon (Tatariston, Rossiya), 2015 yilda Merv (Turkmanistan), 2016 yilda Sheki (Ozarboyjon), 2017 yilda Turkiston (Qozog‘iston), 2018 yilda Qastamonu (Turkiya), 2019 yilda O‘sh (Qirg‘iziston), 2020 yilda Xiva (O‘zbekiston) turk dunyosi madaniyat poytaxti unvonini olgan. 2022 yilda Turkiyaning qadimiy shahri Bursa turk dunyosi madaniyat poytaxti deb e'lon qilinadi.

Foto: Anadolu Agency
Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid