AQSh ittifoqchilar bilan rus qo‘shinlarining Ukraina chegarasida to‘planishi masalasini muhokama qilmoqda
AQSh va ittifoqchilari Rossiya harbiylarining Ukraina chegarasi yaqinida favqulodda faollashuvidan xavotirda. Bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi. Uning fikricha, rus qo‘shinlarining oxirgi vaqtlardagi noodatiy chog‘lanishi bostirib kirishga urinish haqida o‘ylashga undaydi.
«Rus askarlarining Ukraina chegarasida noodatiy faollashuvi sabab bizda jiddiy xavotirlar paydo bo‘ldi. Rossiya tomonidan eshitayotganlarimiz, xususan ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan gaplar chindan xavotirli. Putinning hozirgi maqsadi nima ekanini bilmaymiz, ammo o‘tmishda nima bo‘lganini unutganimiz yo‘q.
Ularning uslubi bizga ma’lum. Ukraina yoki boshqa har qanday davlatning go‘yoki agressiv harakati keyinchalik Rossiya amalga oshiradigan harakatga asos bo‘lib xizmat qiladi», dedi Blinken Senegaldagi tashrifi davomida so‘zga chiqar ekan.
AQSh va Britaniya nashrlarining yozishicha, ikki hafta avval Amerika razvedkasi Kiyev va Yevropadagi ittifoqchilar bilan razvedka ma’lumotlarini bo‘lishgan. Ularda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘ra boshlagani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Juma kuni AQSh shtab rahbarlari birlashgan kengashi raisi Mark Milli Ukraina qurolli kuchlari rahbari Valeriy Zalujniyga telefon qilgani ham bu ma’lumotni tasdiqlashi mumkin.
Shanba kuni Qora dengizga Island tipidagi, qayta jihozlangan ikki kater suzib kirgan. Bunday katerlardan odatda AQSh sohil chegarachilari foydalanishadi. Ukraina 2019 yilda ham shunday tipdagi ikkita kater olgandi.
20 noyabrda AQShning The New York Times gazetasi shov-shuvli maqola e’lon qildi. AQSh va Britaniya razvedkasi ma’lumotlari asosida yozilgani aytilgan maqolada yozilishicha, Vladimir Putin Ukrainadagi yangi hududlarni egallab olishga yoki u yerlarda o‘ziga yon bosuvchi rahbarlarni qo‘yish orqali vaziyatni izdan chiqarishga tayyorlanmoqda.
Putin chegaradagi keskinlikdan mamnun
18 noyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligida chiqish qilgan Putin Rossiya armiyasi G‘arb uchun keskin vaziyat yaratganini mamnuniyat bilan ta’kidlagandi: «Oxirgi vaqtlardagi ogohlantirishlarimiz nihoyat o‘z so‘zini aytdi va buning samarasi ko‘rinmoqda: u yerda (G‘arbda) keskinlik yuzaga keldi. Bu keskinlik imkon boricha uzoqroq vaqt saqlanib qolsin, toki ular g‘arbiy chegaramizda bizga kerak bo‘lmagan biror mojaro chiqarishga urinib ham ko‘rishmasin», degandi Putin.
Harbiy tahlilchilarning aytishicha, Vladimir Putin Rossiya armiyasini sentabr oyidayoq jangovar holatga keltirishga buyruq bergan. 16 sentabr kuni belaruslik hamkasblari bilan «G‘arb-2021» harbiy mashg‘ulotlarini yakunlagan rossiyalik harbiylar keyinchalik o‘zining doimiy bazalariga qaytmagan va Ukraina chegarasiga yo‘l olgan.
Qizig‘i, o‘sha vaqtda Ukraina va AQSh harbiylari ham birgalikda «Rapid Trident-2021» mashg‘ulotini o‘tkazgandi. Bu Ukrainaning NATOga kirish yo‘lidagi muhim qadam deb aytilgandi. Ammo Ukrainadagi mashg‘ulotlar tugagach ham Rossiya harbiylarining jangovar shayligi o‘zgarmadi. Qo‘shimchasiga siyosiy maydonda ham bosimlar davom ettirildi.
Bu yil bo‘yicha Rossiya harbiylarining Ukraina bilan chegaradagi faollashuvi ikkinchi marta G‘arbda xavotir uyg‘otmoqda. Bahorda ham shunday holat kuzatilgan va faqat harbiylarning bir qismi o‘z joyiga qaytarilgach vaziyat yumshagandi. Ammo harbiy tahlilchilar bir narsaga e’tibor qaratmoqda – Rossiya harbiylari oldingi gal ochiqchasiga faollashgandi, bu gal esa faollik yashirin bo‘lmoqda va bu esa ancha xavfli.
Rossiya esa Ukraina chegarasida ortiqcha rus askarining o‘zi yo‘qligini ma’lum qilib keladi. TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova 17 noyabr kuni Rossiyaning Ukraina bilan chegarasida hech qanday qo‘shimcha tayyorgarlik va ortiqcha askar yo‘qligini aytgandi.
Mavzuga oid
17:55
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
17:53
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33
Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
13:12