Jahon | 11:30 / 20.09.2024
4388
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Polsha TIV rahbarining Qrimdagi referendum haqidagi fikriga javob qaytardi

Ukrainaning hududiy yaxlitligi murosa predmeti bo‘lishi mumkin emas, dedi Ukraina tashqi ishlar vazirligi. Avvalroq Sikorskiy BMT mandati ostida Qrim maqomi bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qilgan edi.

Radoslav Sikorskiy Foto: Reuters

Ukraina tashqi ishlar vazirligi Qrimning hududiy maqomi bo‘yicha murosaga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ma’lum qildi, deb yozadi «Yevropeyskaya pravda» nashri 19 sentabr, payshanba kuni. Murojaat Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiyning BMT mandati ostida yarimorolda referendum o‘tkazishni taklif qilgan bayonotidan so‘ng e’lon qilindi.

Ukraina vazirligining ta’kidlashicha, Ukraina hududiy yaxlitligi «hech qachon muhokama yoki murosa mavzusi bo‘lmagan va bo‘lishi ham mumkin emas». «Qrim Yevropa xavfsizlik arxitekturasining og‘irlik markazidir, uni to‘liq tiklash faqat Ukrainaning butun hududi, jumladan, ukrain yarimoroli to‘liq deokkupatsiyasidan keyingina mumkin», — deyiladi idora bayonotida. Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasini Qrimdan qo‘shinlarini olib chiqishga majburlash va jinoyatlar uchun javobgarlikka tortishda qo‘llab-quvvatlovga umid bildirdi.

Sikorskiy Qrimda «adolatli referendum» o‘tkazishni taklif qildi

Polsha tashqi ishlar vazirligi rahbari Radoslav Sikorskiy Kiyevga tashrifi chog‘ida Rossiya Federatsiyasi va Ukraina Qrimni qurolsizlantirmasdan turib uning maqomi bo‘yicha qanday kelishuvga erisha olishini ko‘rmayotganini aytdi. «Biz buni BMT mandati ostiga qo‘yishimiz mumkin, bu qonuniy aholi kimligini tekshirgandan so‘ng adolatli referendumga tayyorgarlik ko‘rish va hokazodan iborat... Va biz buni 20 yilga kechiktirishimiz mumkin», dedi vazir.

Shu bilan birga, u G‘arb «ukrainaliklarga Qrimda jang qilmaslikni aytib» xatoga yo‘l qo‘yganini aytdi. «Agar ukrainaliklar Qrimda hatto ramziy ma’noda jang qilganida, u (Putin) Donbass bo‘yicha bir qarorga kelmagan bo‘lar edi», — deya ta’kidladi Sikorskiy.

Mavzuga oid