Budjet tashkilotlarida ishlamaydigan ayollarga ham “dekret puli”ni budjetdan to‘lash taklif qilindi
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi xodim davlat yo nodavlat tashkilotda ishlashidan qat'i nazar barcha ayollar uchun kafolatli ravishda davlat tomonidan to‘lanishi kerak, deya taklif bildirdi Xalq demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi.
Fraksiya 2022 yilgi davlat budjeti muhokamalarida shunday pozitsiya bildirgan. Partiyaning nuqtayi nazarini deputat Ulug‘bek Vafoyev quyidagicha bayon qiladi:
“Bugungi kunda budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi davlat tomonidan to‘lanmoqda. Nodavlat tashkilotlarda bunday nafaqa ish beruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilangan. Ammo amalda aksariyat ish beruvchilar xodimlar, ayollar, onalar oldidagi bu majburiyatni bajarmayapti. Bu esa nobudjet sohadagi ish beruvchilar tomonidan ayollarni ishga qabul qilmaslikka (ayniqsa, homiladorlik davrida) va ayollarning mehnat qilish huquqining cheklanishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birgalikda, ish bilan band bo‘lmagan ayollarga ushbu nafaqalar to‘lanmaydi. Mazkur holatlar keng jamoatchilikning savol va mulohazalariga sabab bo‘lmoqda.
Fraksiyamiz fikricha, barcha ayollar uchun homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa xodim davlat yoki nodavlat tashkilotda ishlashidan qat'i nazar kafolatli ravishda davlat tomonidan to‘lanishi lozim. Buni amalga oshirishning eng ishonchli va maqbul yo‘li nafaqaning davlat tomonidan to‘lanishi hisoblanadi. Partiyamiz deputatlari hukumatga mana shu taklifni ham berdi”.
Iqtisodchi Otabek Bakirov XDPning bu tashabbusini olqishladi.
“Xalq tilida “dekret puli” deyiladigan nafaqa ayol kishi budjet tashkilotlarida ishlasagina to‘lanadi. 2022 yilgi budjet qoidalarida ham shunday: budjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lashga 500,7 mlrd so‘m ajratilgan.
Agar homilador yo tuqqan ayol kishi budjet tashkilotida ishlamasa, unga bir tiyin ham yo‘q. Ularga dekret puli to‘lash (amalda to‘lamaslik) ish beruvchilarning o‘zlariga yuklab qo‘yilgan. Dekret puli borasida adolatning tiklanishi saylov kampaniyasi davrida ham hech bir nomzod tarafidan ko‘tarilgani yo‘q edi”, deya yozdi iqtisodchi Telegram'dagi kanalida.
“Dekret puli” qanday to‘lanadi?
“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra:
- budjet tashkilotlari tomonidan – mehnat haqi jamg‘armasiga ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida;
- xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan – foyda solig‘ini hisoblashda mazkur xarajatlar soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib tashlangan holda shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Prezidentning 2016 yildagi qaroriga ko‘ra:
- budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimga ishlagan kundan boshlab 12 oygacha – tug‘uruq ta'tiliga sarflangan vaqt uchun o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi;
- ishlagan kundan boshlab 12 oydan ortiq – tug‘uruq ta'tiliga sarflangan vaqt uchun oylik ish haqining 100 foizi miqdorida homiladorlik va tug‘uruq uchun nafaqa to‘lanadi.
Ma'lumot uchun, 2021 yilda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar to‘lovi uchun 414,2 mlrd so‘m ajratilishi belgilangandi.
Mavzuga oid
12:19
Toshkentda nogironligi bo‘lganlar uchun “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi
17:32 / 26.10.2024
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlari uchun bir martalik kompensatsiya beriladi
12:00 / 25.10.2024
Saylov yaqin, partiyalar nimalarni va’da qiladi? – Kun debati
12:00 / 24.10.2024