O‘zbekiston | 19:48 / 24.11.2021
11863
9 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «uch avlod uchrashuvi»: general Matlubov jinoyatchilikning oldini olish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi

Samarqand shahridagi yoshlar markazida ichki ishlar vazirligi tomonidan «Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari» shiori ostida o‘ziga xos uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi. Unda sobiq ichki ishlar vaziri, ayni damda ichki ishlar akademiyasi boshlig‘i maslahatchisi vazifasida ishlayotgan general-leytenant Bahodir Matlubov ham ishtirok etdi. Shuningdek, sohada o‘z nomiga ega bo‘lgan yana bir necha nafar faxriylar o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi.

Foto: KUN.UZ

Nega uch avlod uchrashuvi?

Ichki ishlar vazirligi yosh xodimlarning tajribasini oshirish maqsadida barcha viloyatlarda uch avlod uchrashuvi shaklidagi o‘ziga xos master-klasslarni o‘tkazib kelmoqda. Unga ko‘ra, birinchi avlod – ichki ishlar tizimida samarali mehnat qilgan faxriy xodimlar, ikkinchi avlod – ayni damda tizimda mehnat qilayotgan ofitserlar, uchinchi avlod – IIV qoshidagi akademik litseylarida tahsil olayotgan kursantlar.

Uchrashuvni Samarqand viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Shavkat Rahmonov boshlab berdi. U tadbirning asosiy mehmoni bo‘lmish sobiq ichki ishlar vaziri general-leytenant Bahodir Matlubovning faoliyati haqida yosh ofitser va kursantlarga ma'lumot berdi. Shundan so‘ng, birin-ketin faxriy ichki ishlar va prokuratura xodimlari so‘z olishdi.

Shavkat Rahmonov, Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i

General-leytenant Bahodir Matlubov, 2006-2013 yillarda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri: «Men mana shu Samarqand zaminida tug‘ilganman, shu yerda o‘qib, ishlaganman. Bu yerdagi ko‘pchilikni anchadan buyon ko‘rmagandim. Sobiq ittifoq davridan buyon hozirgacha mamlakat tinchligi uchun imkon boricha ishlab kelyapmiz. Tinchlik jamiyatdagi eng asosiy narsa. Bu zalda o‘tirgan faxriylarning har biri bir kitob qilib yozgulik hayot kechirgan.

Uch avlod uchrashuvi doirasida Qoraqalpog‘istondan boshlab barcha viloyatlarda bo‘lyapmiz. Hamma yerda tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarishlar bo‘lyapti. Buxoroda ishlagan vaqtimda hamma ko‘chalarni topib bora olardim, hozir esa tanib bo‘lmaydi, shahar o‘zgarib ketgan. Yaxshi tomonga, albatta. Buxoroda kechki 18:00 dan keyin ochiq do‘kon yoki ijtimoiy bino topa olmasdingiz. Hozir tunda ham hayot qaynayapti. Samarqandda ham bunyodkorlik ishlari to‘xtab qolgani yo‘q. Kelasi ShHT sammiti o‘tishi ham bejiz emas», dedi Matlubov.

General-leytenant Bahodir Matlubov

Sobiq ichki ishlar vaziri faoliyati davomida duch kelgan murakkab vaziyatlarni eslar ekan Farg‘onadagi mesxeti turklari va o‘zbeklar o‘rtasidagi janjal haqida gapirdi: «Farg‘onada o‘zbek va turk ikki kishi qulupnay talashib urishgani ortidan katta mojaro chiqqani aytiladi. Ikki kishining qulupnay talashgani ortidan bunaqa katta janjal bo‘lmaydi-ku? Buning ortida uchinchi kuchlar turgandi, uyushtirilgandi.

Keyin mustaqillik yillarida ham ko‘p voqealar bo‘ldi. 1992 yil Samarqandda bir guruh odamlar qo‘liga armatura, rezina tayoq olib qishloq xo‘jaligi universitetidan boshlab yo‘l yuzidagi ko‘ziga ko‘ringan derazalarni sindirib ketishdi. Biz borib ularni qurshab oldik. Batalon xodimlari qurollarni tortib olishdi, qo‘lga tushganini avtobusga solib olib ketdik.

Ko‘p o‘tmay bu hol yana takrorlandi. Registondagi «Mo‘jiza» konsert zalida bir qo‘shiqchi konsert qo‘ydi. Uchinchi kun janjal chiqdi. Aksari qishloq xo‘jaligi instituti talabalari bo‘lgan. Ular nima talab qilayotganini o‘zi ham tushunmagan, chunki talabalar bunaqa katta janjal paydo qilolmaydi. Ularning chetdagi domlalari tashkilotchi bo‘lgan. Keyin ularni qo‘lga olish uchun kuch ishlatishga majbur bo‘ldik, chunki boshqachasiga tinchitib bo‘lmasdi. Shunda talabalardan ba'zilari kasalxonaga tushgan. Men shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i edim. Talabalar tinchishi uchun 10-15 nafar militsiya xodimini qamash kerakligini aytishdi. Ular mening komandamni bajargan, men javob beraman, bugun ikkita militsiyani qamasangiz, qolgan xodimlar aytganingizni qilmay qo‘yadi, dedim. Gapingga javob berasanmi, deyishdi. Javob beraman, dedim. Shunday qilib qiyin vaziyatdan chiqib ketganmiz», dedi sobiq ichki ishlar vaziri.

General Matlubov ekstremizm bilan kurash qachon boshlangani haqida ham gapirdi: «Bizda avval terrorizm, ekstremizm degan narsalar yo‘q edi. Ichki ishlar xodimlari jinoyatchilikning oldini olish, ochilmagan jinoyatni ochish bilan shug‘ullanardi. 1992 yil Namanganda hokimiyatni egallab islom davlati tuzaman, deyishdi. O‘shandan terrorizm, ekstremizm degan tushunchalar hayotimizga kirib keldi. 1999 yil fevraldagi voqealarni eslang. Bir vaqtda 6 ta joyda mashina portlagandi. Keyinchalik boshqa viloyatlarda ham terroristik aktlar bo‘ldi. Keyin aniqladik: o‘sha voqealarni tashkil etganlar Tojikistonga borib boshlanishiga diniy, keyin harbiy bilim olgan. Keyingi bosqichda ular Chechenistonga yuborilgan. U yerda Xattab degani bo‘lardi, o‘shaning jamoasidan ilm olishgan.

1999 yillarda bo‘lgan voqealardan keyin mamlakat ichki ishlar tizimida ham islohotlar boshlanib, profilaktika inspektorlari lavozimi joriy etildi. Hozirda har bir mahallada bir nafardan profilaktika noziri ishlamoqda. Ularning vazifasi juda muhim, chunki jinoyatning oldini olish aynan ularning faoliyatidan boshlanadi. Inspektor mahalladagi xonadonlarni aylanib chiqishi, odamlar bilan muloqot qilishi, insonlar ularga ishonishi kerak. Agar nozir odamlarning ishonchini qozonmasa, hech qanday ma'lumot ololmaydi. Kimning qo‘lida ma'lumot ko‘p bo‘lsa, yutuq uniki bo‘ladi. Unutmanglar, ichki ishlar xodimlari xalqning xizmatidagi odam.

Kogonda harbiy ombor portlagandan keyin tumandagi 22 ta mahallaga profilaktika inspektori qo‘yishni so‘radik. Natijada 4 yil davomida o‘sha mahallalarda jinoyat bo‘lmadi, ochilmagan jinoyatlar ham qayd etilmadi. Bugun esa butun mamlakatdagi mahallalarda inspektorlar ishlayapti», dedi Matlubov.

General-mayor Raim Karimov so‘z olar ekan ichki ishlar xodimi uchun avvalo har qanday insonni qadrlash muhim ekanini aytdi: «Ichki ishlar xodimi fuqarolar bilan ishlayotganda avvalo uning inson sifatida hurmatini joyiga qo‘yishi kerak, u jinoyatchi bo‘lsa ham. O‘zini hurmat qilayotganini sezgach, jinoyatchi ham shunga yarasha munosabatda bo‘ladi. Hozir internetda ham har xil videolar tarqalyapti. Hech qachon unutmanglar: aslo qo‘pollik qilmaslik kerak», dedi general Raim Karimov.

General Raim Karimov

1991-98 yillarda Namangan viloyat prokurori vazifasida ishlagan general-mayor Husen Sobirov ham faoliyatidagi murakkab vaziyatlarni esladi: «Namangan voqealari vaqtida Samarqanddan 400 nafar militsiya xodimi Namanganga komandirovkaga borib, kinoteatrning ichida yashab yurishdi. O‘shanda ichki ishlar xodimi, prokurorni o‘ldirib, sarosima yuzaga keltirmoqchi bo‘lishgan, militsiya odamlarni himoya qila olmaydi degan kayfiyat uyg‘otmoqchi bo‘lishgan. Jinoyatchilarning maqsadi Leninoboddagi ko‘prikni va Qamchin dovonini portlatish bo‘lgan. Shunday qilib vodiyni ajratib olib, islom davlati qurmoqchi bo‘lishdi. O‘shanda juda ko‘p militsiya xodimi halok bo‘lgan, lekin odamlar o‘lishiga yo‘l qo‘ymaganmiz.

Husen Sobirov

Men Namanganda prokuror bo‘lganim ham qiziq bo‘lgan. Bo‘ritosh Mustafoyev (adliya vaziri va bosh prokuror lavozimlarida ishlagan) Islom Karimovga buni qanday tayinlaymiz, konstitutsiya yo‘q-ku, dedilar. Islom Abdug‘aniyevich «Bo‘ritosh, mustaqil bo‘ldik, endi o‘zimiz kadr tayinlaymiz», dedilar. Shunday qilib Namangan prokurori bo‘ldim. Men sizlar bilan ko‘rishganimdan xursandman. Bugungi ichki ishlar xodimlariga faqat havas qilish mumkin. Ishoning, juda yaxshi sharoitda ishlayapsiz», dedi uchinchi darajali adliya davlat maslahatchisi Husen Sobirov.

Uchrashuv yakunida ko‘plab faxriy ichki ishlar xodimlari IIVning 30 yilligi ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, ishtirokchilarga Bahodir Matlubovning «O‘zbekistonda jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlash tarixi» kitobi sovg‘a qilindi.

Mavzuga oid