Jahon | 18:37 / 24.11.2021
4466
2 daqiqa o‘qiladi

“Tolibon” AQSh va YeI vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi

Uchrashuvlar davomida siyosiy masalalar, Afg‘oniston bank rezervlarini taqiqdan chiqarish, gumanitar yordam, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalari bilan bog‘liq mavzular muhokama qilinadi.

27-29 noyabr kunlari “Tolibon” harakati Qatar poytaxti Dohada AQSh va YeI vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda Afg‘oniston islom amirligining Twitter sahifasida ma'lum qilindi.

“AFA tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy 27-29 noyabr kunlari Qatar poytaxti Dohada AQSh, YeI va boshqa tomonlar vakillari bilan uchrashadi”, — deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, uchrashuvlar davomida siyosiy masalalar, Afg‘oniston bank rezervlarini taqiqdan chiqarish, gumanitar yordam, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalari bilan bog‘liq mavzular muhokama qilinadi.

Tashqi ishlar vaziriga ta'lim, sog‘liqni saqlash va moliya, Afg‘oniston markaziy banki va xavfsizlik tuzilmalari vakillari hamrohlik qiladi.

Avvalroq Vashington AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Uest toliblar bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Qatar poytaxtiga borishini ma'lum qilgandi.

“Tolibon” vakillari oktyabrda Dohada amerikalik diplomatlar bilan bir necha marta uchrashuvlar o‘tkazgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid