O‘zbekiston | 09:36 / 26.11.2021
8291
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: Retsepsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati yangilanadi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda retsepsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati yangilanib, ortiqcha ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yilishi haqida ma'lum qildi.

«Shunday dori vositalari borki, agar ular shifokor tavsiyasisiz iste'mol qilinsa, inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ammo yana shunday preparatlar mavjudki, ularni dorixonalardan hech qanday cheklovlarsiz, ya'ni retsepsiz xarid qilsa bo‘ladi. 

Ammo shu yilning iyul oyidan Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i asosida Retsepsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati keskin kamaytirilgach, iste'molchilarning tashvishiga tashvish qo‘shildi. Ya'ni monopreparatlar pozitsiyasi 105taga, majmuaviy preparatlar ro‘yxati esa 118taga qisqarib ketdi.
 
Oqibatda retsepsiz ham berilishi mumkin bo‘lgan dorilarni xarid qilish uchun bemor yo‘l bosib, vaqt yo‘qotib, navbat kutib shifokor qabuliga kirishga majbur bo‘lmoqda. Bordi-yu, qo‘shimcha tekshiruvlar talab etilsa, yana navbat asosida tibbiy xulosani olgach, vrach huzuriga takror kirib retsept yozdirib olishiga to‘g‘ri kelyapti. 

Bunday ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlar aholining tibbiyot tizimiga nisbatan ishonchi kamayishiga, qolaversa, farmatsevtika kompaniyalari e'tirozlariga sabab bo‘lyapti. Negaki, qonunchilik talablariga ko‘ra, retsept asosida beriladigan preparatlarni targ‘ibot qilish taqiqlangan. Bu esa aholining zarur dori vositalari haqidagi ma'lumotlardan xabardorligini cheklamoqda. 

Masalan, tempalgin, mukomilt, deksaflyu, tabeks kabi qator preparatlarni chet el dorixonalaridan hech qanday cheklovlarsiz xarid qilsa bo‘ladi. Bizda esa buning uchun retsept so‘ralyapti. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi ana shu muammolarga yechim topish uchun kelib tushayotgan e'tiroz va murojaatlar, qolaversa, xalqaro amaliyot hamda xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda amalda bo‘lgan Retsepsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini bekor qilib, uni yangilash bo‘yicha buyruq loyihasi ishlab chiqdi. Unga muvofiq, retsepsiz beriladigan preparatlar ro‘yxati kengaytirilmoqda. 

Yangi buyruq yaqin kunlarda regulation.gov.uz portalida muhokamaga qo‘yiladi va Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingach, kuchga kiradi», deyiladi vazirlik xabarida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid