Jahon | 15:15 / 29.11.2021
7290
2 daqiqa o‘qiladi

JSST “omikron” shtammi xavfini juda yuqori deb baholadi

Qayd etilishicha, yangi shtammning murakkabligi unda mutatsiyalarning ko‘pligida bo‘lib, mavjud vaksinalar bu shtammga qarshi qanchalik samarali ekanligi noma'lum.

Foto: Reuters

Koronavirusning “omikron” shtammi kasallikning qaytadan avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin, deb ma'lum qildi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.

JSSTning qayd etishicha, yangi shtammning murakkabligi unda mutatsiyalarning ko‘pligida bo‘lib, mavjud vaksinalar bu shtammga qarshi qanchalik samarali ekanligi noma'lum.

"Mazkur xususiyatlardan kelib chiqib, kelgusida COVID-19 bilan kasallanish holatlari avj olishi mumkin. Yangi “omikron” shtammi bilan bog‘liq xatar juda yuqori deb baholanmoqda", - deyiladi JSST xulosasida.

Shuningdek, tashkilot emlash sur'atlarini tezlashtirishga chaqirdi.

Hozirda JSST “xavotirli” shtammlar sirasiga 5 ta shtammni kiritgan, bular: alfa, beta, gamma, delta va omikron. Virusning oxirgi omikron shtammi haqida janubiy afrikalik mutaxassislar ma'lum qilishdi. Hozirda yangi shtamm bilan kasallanish holatlari JARdan tashqari, Britaniya, Belgiya, Germaniya, Niderlandiya va Isroilda qayd qilingan.

JSST ma'lumotiga ko‘ra, “omikron” deb nomlangan B.1.1.529 shtammi ilk marta 24 noyabr kuni JARda aniqlangan.

Yangi variant 32ta mutatsiyaga ega. Virusologlarning qayd etishicha, virus mutatsiyalarining ko‘pligi juda jiddiy muammo.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid