O‘zbekiston | 14:59 / 01.12.2021
45810
6 daqiqa o‘qiladi

Matbuot kotiblari mojarosi. Deputat IIV rasmiysidan nega izoh talab qilmoqda?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayev Facebook sahifasida Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovni deputatlarga tahdid qilishda aybladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayev va Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi/Xabar.uz

«IIV matbuot boshlig‘i, sendan javob kutaman. Kim senga topshiriq berish vakolatini bergan, qaysi qonun? Sen vakolatingdan chiqmayapsanmi? G‘iyosov, vaziringga [Po‘lat Bobojonov – tahr.] shaxsan talab qo‘yaman, bu tahdid. Kim haqida gapiryapman, deb o‘ylayapsanmi? Pogonni hammayam ko‘tarolmaydi, sendaqalar», deb yozgan ayni vaqtda Qonunchilik palatasi matbuot kotibi vazifasini bajaruvchi ham bo‘lgan deputat.

Navro‘z Rizayev yana bir postida Shohrux G‘iyosov qonunga qarshi chiqib qo‘yganini ta’kidlagan.

«IIV matbuot xizmati Shohrux. Sen deputatlarga qanaqa tahdid qilmoqchisan? Ehtiyot bo‘l, qonunga qarshi chiqib qo‘yding. Sen bilan alohida suhbatlar bo‘ladi», degan u.

Ma’lum bo‘lishicha, deputatning postlari 25 noyabr kuni Shohrux G‘iyosovning navoiylik jurnalistlar va blogerlar bilan muloqoti davomida aytgan gaplariga javoban yozilgan.

Navoiydagi uchrashuvda IIV matbuot kotibi YPX xodimlari yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzgan deputatlar o‘z daxlsizligini pesh qilishini tanqid ostiga olgandi. 

«YHX xodimlari bilan qanaqa muammolar borligini bilish uchun o‘tirib suhbatlashdik. Ular deputatlar bilan bog‘liq bo‘lgan masalani ko‘tarishdi.

Shunaqa holat ekanki, ayrim deputatlar yo‘l harakati xavfsizligi qoidasini buzib turib, shundoq o‘zining daxlsizligini pesh qilib, «men deputatman, men daxlsizman», deb o‘tib ketarkan. Xodimlarimiz ularga nisbatan chora ko‘rilmaydimi, rostdan shunaqami deyishdi.

Men aytmoqchimanki, deputatlar yo‘l harakati qoidalarini buzsa, xalq bilan barobar javobgarlikka tortiladi. Daxlsizligi faqatgina tergov jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan, qo‘lga olish va sud tomonidan hal qilinadigan ma’muriy ishlarga bog‘liq. Lekin yo‘l harakati qoidalarini buzgan deputatlar hamma bilan barobar javobgarlikka tortiladi va jarimasini to‘laydi.

Men xodimlarimga aytdimki, agar yana deputat o‘z daxlsizligini pesh qilib o‘tib ketadigan bo‘lsa, bodikameradagi yozuvni olib, kerak bo‘lsa deputat bilan bog‘lanib shuni jamoatchilikka tarqatamiz. Chunki deputatlar ham o‘zining harakati bo‘yicha jamoatchilik oldida hisobot berishi kerak»,degandi IIV matbuot kotibi.

Kun.uz bilan suhbatlashgan Navro‘z Rizayev qonunchilikka asosan deputat daxlsizligi, vazirlik matbuot kotibida esa deputat borasida xodimlarga buyruq berib, chora ko‘rishga chorlash vakolati yo‘qligini ta’kidladi.

«Yana, qaysi deputat, kim va qachon degan faksiz, jamoatchilikda xalq saylagan vakilga nisbatan noto‘g‘ri tushuncha uyg‘otyapti. Matbuot kotibi IIVdagi xabarlarini ommaga yetkazishga mas’ul. Uning gaplari ma’muriy javobgarlik kodeksi va deputat to‘g‘risidagi qonunga xilof. Bu deputatga tahdid. Buni muhokama qilamiz va oxiriga yetamiz»,dedi u.

IIV matbuot kotibi esa Kun.uz’ga bergan izohida o‘sha majlisda qonuniy talabni eslatib o‘tganini bildirdi va «Tanqid qilishdan avval tanqidni ko‘tara bilishni ham o‘rganish kerakligi»ni ta’kidladi.

U, shuningdek xodimlarga topshiriq bermagani, deputatlar bilan bog‘liq shunday qonunbuzarlik aniqlansa, uni jamoatchilikka yoritib berish masalasi to‘liq uning vakolatida ekanligini aytdi.

«Aslida, deputatlardan so‘rab ham o‘tirmasdan yoritishimiz mumkin. Lekin men deputat bilan bog‘lanib, keyin bu qoidabuzarlikni jamoatchilikka yetkazishimizni aytdim. Deputat ham jamoatchilik oldida hisobdor», dedi u.

Qonunlar nima deydi?

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida tegishli palata roziligisiz deputat, senator jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emasligi belgilangan.

«Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasida shunday deyiladi:

«Tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas».

Ko‘rib turganingizdek, qonunchilik IIV matbuot kotibining gaplarini tasdiqlab turibdi. Ya’ni senator va deputatlar sud tartibisiz belgilanadigan ma’muriy jarimalarni daxlsizlik huquqini aralashtirmagan holda to‘lashga majbur. Xususan, yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun tayinlangan jarimalarni ham.

Mavzuga oid