DXX Mehribonlik uylarining 72 nafar tarbiyalanuvchisiga qariyb 1 mlrd. so‘m ajratdi
Aholining kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, alohida e'tiborga muhtoj qatlamini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hayotga izchil tatbiq qilinayotgan “Inson qadri uchun” tamoyilining muhim yo‘nalishidir. Bu tamoyil jamiyatimizda tobora chuqur ildiz otib, ko‘plab xayrli tashabbuslar va sa'y-harakatlarga zamin bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati ATB “Qishloq qurilish bank” bilan imzolangan kelishuv asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari uchun qariyb 1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratdi.
Bundan ko‘zlangan maqsad alohida e'tibor va g‘amxo‘rlikka muhtoj tarbiyalanuvchilarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning kelajakdagi orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishlariga ko‘maklashish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida kamol toptirishdan iborat.
Mazkur mablag‘ni tarbiyalanuvchilar o‘rtasida taqsimlash maqsadida, ATB “Qishloq qurilish bank” tomonidan “Yangi yoshlar” muddatli omonat turi joriy qilindi. Bank filiallari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi 1-sonli “Mehribonlik uyi”ning 14 nafar, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 15-sonli “Mehribonlik uyi”ning 46 nafar hamda Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 12-sonli “Mehribonlik uyi”ning 12 nafar tarbiyalanuvchilari uchun omonat daftarchalari ochildi va DXX tomonidan ajratilgan mablag‘lar tarbiyalanuvchilar nomiga ochilgan hisob raqamlarga joylashtirildi.
Kuni kecha hududlarda DXX hududiy boshqarmalari va ATB “Qishloq qurilish bank”ning filiallari vakillari tomonidan “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga omonat daftarchalari va jamg‘arma sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.
Ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda mamlakatimizda yoshlarga qilinayotgan g‘amxo‘rlik va uning mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi. Shuningdek, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga “Yangi yoshlar” omonat turi va unga joylashtirilgan mablag‘lardan foydalanish shartlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Sardor Odilov, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi 15-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi:
- Bizga katta mablag‘ ajratilganini va bu mablag‘lar bankka nomimizga joylanganini eshitib, juda xursand bo‘ldik. Bu mablag‘ 18 yoshga to‘lgunimizcha ko‘payib turishi esa, biz uchun eng muhim pallada beqiyos ahamiyatga ega. Chunki hozir mavjud sharoitlardan foydalanib, olayotgan bilimlarimizni yanada boyitish, biron kasbning boshini tutib, g‘amxo‘r vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishdek ulug‘ niyatimizni amalga oshirishda sifatli oliy ta'limga ehtiyoj katta. Omonatdagi mablag‘imiz esa, ayni maqsadlarimizga o‘ziga xos qanot bo‘ladi.
Kristina Naumova, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi 15-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi:
- Bugun biz uchun juda quvonchli kun bo‘ldi. Men kelajakda o‘z baxtxonam – uyim bo‘lishini orzu qilaman. Nomimga ochilgan omonat ushbu orzumizga yetish uchun qanot bergandek bo‘ldi. Avvalo, biz uchun otalarcha g‘amxo‘rlik qilayotgan Prezidentimizga rahmat aytamiz. Bugun bizga e'tibor ko‘rsatib mablag‘ ajratgan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlariga ham o‘zim va do‘stlarim nomidan minnatdorchilik bildiraman.
Biz o‘zimizga bildirilgan ishonchga, berilayotgan mehrga munosib bo‘lamiz va yurtimiz koriga yaraydigan fidoyi inson bo‘lib yetishamiz.
Yoshlar taqdirini o‘ylab amalga oshirilgan bu xayrli tashabbus kelgusida “Mehribon uyi” tarbiyalanuvchilarining yetuk shaxs va jamiyatimizning faol a'zosiga aylanishida muhim rag‘bat bo‘lishi shubhasiz!
ATB "Qishloq qurilish bank" Axborot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
19:25
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
19:15
DXX raisi Abdusalom Azizov lavozimidan haydaldi - manba
19:57 / 22.11.2024
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
16:53 / 22.11.2024