O‘zbekiston | 07:16 / 06.12.2021
5310
2 daqiqa o‘qiladi

9 oyda mansabdorlarning jinoyati oqibatida davlat va jamiyat manfaatiga 658 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan

Qonunchilik palatasida “Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Deputat Zuhra Shodiyevaning ma'lum qilishicha, statistika bo‘yicha mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2018 yilda 556 mlrd, 2019 yilda 1,858 trln, 2020 yilda 500,1 mlrd, 2021 yilning 9 oyida 658 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan. 

Qonun loyihasi bilan mansabdor shaxslarga nisbatan choralar kuchaytirilmoqda. “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish”, “Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish”, “Hokimiyat harakatsizligi”, “Mansab soxtakorligi” va “Hokimiyatni suiiste'mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi” jinoyatlar agar “g‘arazgo‘ylik” niyatida sodir etilsa, korrupsiyaviy jinoyat hisoblanishi belgilanib, mazkur harakatlar uchun og‘irroq jazolar belgilanyapti.

O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan firibgarlik qilish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortish uchun hukm qilingan, biroq yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga va poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tatbiq qilinmasligi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid