Jahon | 17:55 / 06.12.2021
21380
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda qurol-yarog‘ sotuvi o‘smoqda. AQSh va Xitoyning bozori “avjida”, Rossiyada yildan yilga pasayish

Stokholm tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIPRI) 2020 yildagi qurol-yarog‘ savdosi bo‘yicha hisobotini e'lon qildi.

Foto: U.S. Marine Corps

Hisobotda aytilishicha, pandemiya ushbu sohaga xalaqit bera olmagan.

“Dunyoning aksariyat mamlakatlarida harbiy xarajatlar o‘sdi, hattoki ayrim hukumatlar COVID-19 ta'sirini yumshatish uchun harbiy sanoatga to‘lovlarni tezlashtirdi”, — deydi SIPRI dasturining harbiy xarajatlar va qurol ishlab chiqarish bo‘yicha tadqiqotchisi Aleksandra Markshteyner.

Umumiy daromad 531 mlrd dollar

2020 yilda dunyoning yetakchi 100 kompaniyasi qurol ishlab chiqarish va harbiy xizmat ko‘rsatish ortidan 531 mlrd dollar foyda ko‘rgan, bu 2019 yildagiga nisbatan 1,3 va 2015 yildagiga nisbatan 17 foizga ko‘p demakdir.

SIPRI xulosasiga ko‘ra, pandemiya davrida davlatlar qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilarni turli salbiy ta'sirlardan faol himoya qilmoqda. 

AQSh dunyoda yetakchi

AQSh qurol sotish hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi. AQShning top 100talikdan o‘rin olgan 41 kompaniyaning qurol-yarog‘ sotuvidan olgan umumiy daromadi 285 mlrd dollarga teng bo‘ldi, bu butun dunyodagi savdo hajmining 54 foizini tashkil etadi. 2018 yildan buyon yuqori beshtalikni AQSh kompaniyalari egallab kelmoqda. Birgina Lockheed-Martin kompaniyasi o‘tgan yili 58,2 milliard dollarlik sotuvni amalga oshirgan.

Xitoy atigi besh kompaniyasi bilan ikkinchi o‘rinda

Top-100talikdan Xitoyning bor-yo‘g‘i besh kompaniyasi o‘rin olgan, ammo ularning umumiy sotuv hajmi qariyb 67 mlrd dollarga teng. Bu global savdo hajmining 13 foizini tashkil etadi. SIPRI katta ilmiy xodimi Nan Tyanning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi yillarda Xitoy kompaniyalari mamlakatning harbiy modernizatsiya dasturidan katta foyda olgan. 

Yevroittifoqda BAE Systems birinchi

Yevroittifoq o‘tgan yili 109 mlrd dollarlik qurol sotgan. Bu borada 24 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ sotgan Buyuk Britaniyaning BAE Systems kompaniyasi birinchi o‘rinda turibdi. Germaniyaning to‘rt kompaniyasi 8,9 milliard dollarlik qurol sotgan. Ro‘yxatga Yevropaning 26 kompaniyasi kiritilgan. 

Rossiyada yildan yilga pasayish

Rossiyaning qurol savdosi hajmi 2017 yildan buyon pasayishda davom etmoqda. Mamlakat 2020 yilda 26,4 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ sotgan. Bu jahondagi savdo hajmining 5 foizga yaqinini tashkil etadi. Pasayish o‘n yillik qurol-yarog‘ dasturining yakunlanishi va epidemiya bilan izohlanmoqda. O‘tgan yili eng ko‘p qurol “Almaz-Antey” kompaniyasi tomonidan sotilgan.

Bozorda qurol sotishda yana kimlar ilg‘or?

AQSh, Xitoy, Rossiya va Yevropadan tashqarida joylashgan kompaniyalar 2020 yilda jami 43,1 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ sotgan, bu 2019 yildagiga nisbatan 3,4 foizga ko‘p. Ularning jahon bozoridagi savdo ulushi 8,1 foizni tashkil etadi. 

Isroilning uchta kompaniyasi 10,4 milliard dollarlik qurol sotgan.

Ro‘yxatdan o‘rin olgan Yaponiyaning besh kompaniyasi savdo hajmi 2020 yilda 9,9 milliard dollarga teng bo‘ldi. 

Janubiy Koreyaning to‘rt kompaniyasi ham top-100talikka kiritildi. Ularning umumiy savdo hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan 4,6 foizga oshib,  6,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Hindistonning uch kompaniyasi savdosi ham 1,7 foizga oshgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid