Jahon | 18:49 / 29.10.2024
2439
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya Rossiyaga 5,5 mlrd dollarlik qurol yetkazib bergani aytilmoqda

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qurol savdosidan tushgan mablag‘lar KXDRning butun iqtisodiyotining taxminan chorak qismini tashkil etadi.

Foto: Wikimedia

Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol yetkazib berish orqali 5,5 milliard dollarga yaqin mablag‘ ishlab olgan bo‘lishi mumkin. Bu Germaniyadagi Fridrix Nauman jamg‘armasi tomonidan hisoblab chiqildi. Tadqiqot davomida razvedka xizmatlarining hisobotlari, sizib chiqqan hujjatlar, shuningdek, KXDR qurollari savdosi bo‘yicha avvalroq imzolangan bitimlar qiymati o‘rganilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qurol savdosidan tushgan mablag‘lar Shimoliy Koreyaning butun iqtisodiyotining taxminan chorak qismini tashkil etadi. Janubiy Koreya Markaziy bankining ma’lum qilishicha, KXDR yalpi ichki mahsuloti 2023 yilda 23,7 milliard dollarni tashkil etgan.

KXDR qurol eksporti bo‘yicha hech qanaqa ma’lumotlarni e’lon qilmaydi, bu esa batafsil tahlillarni o‘tkazishga deyarli imkoniyat bermaydi. Janubiy Koreya maxsus xizmatlari o‘z hisobotlarini sun’iy yo‘ldoshlar orqali olingan suratlar orqali asoslaydi — Seul ular yordamida qo‘shni davlatdagi dengiz transportini kuzatadi. Ushbu ma’lumotlardan kelib chiqilsa, KXDR birinchi navbatda Rossiyaga artilleriya snaryadlari va kichik masofaga mo‘ljallangan raketalarini yetkazib bermoqda.

Jamg‘arma tadqiqotida qayd etilishicha, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda Shimoliy Koreya qo‘shinlaridan foydalanishni boshlasa, Moskva bilan harbiy hamkorlik natijasida Pxenyanning daromadi «yuzlab million dollarga» oshishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, Kim Chen In mamlakatdagi barqarorlikni xavf ostiga qo‘ymaslik uchun Vladimir Putinga 20 mingdan ziyod askarini beradi, ammo buncha miqdordagi qo‘shinning frontga jalb etilishi urushni Rossiya foydasiga hal etmasligi mumkin. Mazkur qadam aks natijani — Ukrainani qo‘llab-quvvatlash faollashishiga sabab bo‘lish ehtimoli mavjud.

Jamg‘arma ma’lumotlarida keltirilishicha, KXDR va Rossiya o‘rtasidagi rasmiy savdo joriy yilning birinchi yarmida 52,9 million dollargacha o‘sgan. Bu 2023 yil davomida kuzatilgan ko‘rsatkichlardan 18,5 million dollarga ko‘p. Tahlilchilar ikki tomonlama savdo 2017 yilda Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilgan davrdan oldingi darajada qaytishi mumkinligini istisno etmayapti. Munosabatlar chuqurlashib borayotganiga Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi diplomatik tashriflar soni ortgani ham dalil bo‘la oladi. Yanvar oyidan beri bu turdagi uchrashuvlardan 24 tasi o‘tkazilgan — oxirgi 30 yilda esa uchrashuvlar soni yiliga beshtadan oshmagan.

Avvalroq KXDR xalq armiyasining elita bo‘linmasi harbiy xizmatchilari 23 oktyabrdan buyon Kursk oblasti g‘arbiy qismiga joylashgani, har kuni qo‘shimcha kuchlar yetib kelayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid