Jamiyat | 16:32 / 07.12.2021
34735
4 daqiqa o‘qiladi

“Akam o‘zining poyabzalini menga berib, yirtiq tuflimni kiyib ketgandi” - oqibat haqida hikoya

Poytaxtda nufuzli lavozimda ishlaydigan ukamizning bu hikoyasi meni hayratda qoldirdi. Bugungi kunda tobora siyraklashayotgan silai-rahm mana shu oddiy nuqtalarda namoyon bo‘lgani ko‘pchilik aka-ukalar uchun ibrat bo‘lsa ajab emas.

Foto: Getty Images

— Bolaligimizdan akam bilan bir ko‘rpa ostida uxlaganimiz, birga mol boqib ulg‘ayganimiz hammaniki qatori oddiy holdir. Lekin akam deyarli tengqur bo‘lsak-da, ustim ochilib qolsa yopib qo‘yar, o‘zimga bildirmay otam menga yuklab ketgan ishlarni ham bajarar, kaltak yeyishini bilsa-da, meni himoya qilib, o‘zidan bir necha yosh katta bolalar bilan ham yoqalashaverardi.

Ulg‘aydik. Eng jiddiy sinov ikkovimiz ham maktabni bitirib, Toshkentga kelganimizda bo‘ldi. Bir vaqtda hujjat topshirdik, ikkovimiz ham kontrakt asosida qabul qilindik. Qishloqqa qaytganimizda ota-onam o‘qishga kirganimizdan qanchalik quvongan bo‘lsalar, qo‘shkontraktni o‘ylab shuncha o‘yga cho‘mishdi. Oilada sakkiz farzandmiz. Birin-ketin uka-singillarimiz katta bo‘lishyapti, ro‘zg‘or ham g‘ordek.

Akam menga nisbatan ancha nufuzli institutga kirgandi. Kechqurun ota-onamning shivirlab gaplashganini eshitgan akam ertalab qat'iy qarorini aytdi: “Ukamni o‘qitinglar, men o‘qimayman!”

Har qancha tushuntirmaylik, bunday institutga har kim ham kira olmasligi, avval kattalar o‘qishi kerakligi, kichiklarda yana imkoniyat bo‘lishini aytmaylik, ko‘nmadi. Mollarni oldiga soldi va indamay chiqib ketdi...

Men uchun kontrakt to‘lashdi. O‘qib yurdim va qishki ta'tilda qishloqqa bordim. Tuflim eskirib ketgandi. Quchoqlab kutib olgan akam buni ko‘rdi. Qaytayotganida o‘zining tuzukkina poyabzalini olib chiqdi.

– Mana buni kiyib ol. O‘qishda eski tuflida yurmagin, – dedi ko‘zini yerdan uzmay.

– Qiziqmisiz, o‘zingiz kiying. Tufli sizniki.

– Men kalishda ham yuraveraman. Sen buni albatta kiyib ket...

Akamning tuflisini kiyib Toshkentga qaytdim.

Vaqt o‘tdi. Bu orada talabalik davriga ham, poytaxtga ham ko‘nikib qoldim. Kunlarning birida akam Toshkentga savdo qilgani keldi. Birga bozorga bordik, akam yangi tufli sotib oldi. Uyoq-buyog‘ini chamalab menga qaradi:

– Kiyib ko‘r-chi buni?

Kiyib ko‘rdim, loppa-loyiq keldi. Akam men yechib qo‘ygan, qachondir o‘zi bergan tuflini shartta kiyib oldi va do‘konchi bilan hisob-kitob qilib, meni ko‘chaga boshladi.

– To‘xtang, bu tuflini o‘zingizga oldingiz-ku, nega menga beryapsiz?

– Menga o‘zi senga bergan tuflim yoqardi. Shuni qaytarib olaqoldim.

Nima deyishni ham bilmay qoldim. Ko‘zim g‘ilt-g‘ilt yoshga to‘lgandi...

* * *

Hozir poytaxtda o‘zimga yarasha o‘rnim bor. Uy-joy qildim, bir-ikki so‘m orttirdim. Yaqinda to‘plaganimga “Kobalt” mashinasini sotib oldim va qishloqqa minib bordim. Akam bilan otamni chaqirdim va dedim:

– Mana shu mashina sizlarniki, mining aka!

Akamning ko‘zlari namlandi. Lekin bildirmaslikka harakat qildi. Otam duoga qo‘l ochdi. Akam meni bag‘riga bosdi va kalitni cho‘ntagimga solib qo‘ydi:

– O‘zingga buyursin ukajon, maza qilib minib yur...

Abror Zohidov

Mavzuga oid