«Yetmish marta o‘ylab, qaror qilish kerak» - Shavkat Mirziyoyev asosiy qomusni yangilash to‘g‘risida
O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi 2022 yili qabul qilinishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlar uchun 9ta zaruratni sanadi.
Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 29 yilligi bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi va asosiy qomusni yangilash to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, ko‘p millatli butun xalqimizni qutlug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Butun dunyo qatori yurtimizda ham davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sababli bu yil ham Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlarni keng miqyosda o‘tkazishning, afsuski, imkoni bo‘lmayapti. Lekin bu bayram qalblarimizga quvonch va shukuh bag‘ishlab, oilalarimizda, mehnat jamoalari, ta’lim maskanlari, mahallalarda shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.
Muhtaram do‘stlar!
Hayotimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Aynan Konstitutsiyamizga tayanib, biz bundan besh yil oldin mamlakatimizda Harakatlar strategiyasini qabul qildik va Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarni boshladik. O‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi.
Biz Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyasiga sodiq qolib, shu yo‘lda keng ko‘lamli ulkan ishlarni amalga oshirdik, katta bilim va tajriba to‘pladik.
Avvalo, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy qoidadan kelib chiqib, xalq bilan doimiy muloqot qilish faoliyatimiz mezoni etib belgilandi, davlat idoralari rahbarlari fuqarolar oldida hisobot beradigan samarali tizim yo‘lga qo‘yildi.
Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha mansabdor shaxslar quyi bo‘g‘inga, mahalla darajasiga tushib, aholi bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini joyida hal etmoqda.
Muhim qaror va qonunlar loyihalarini, budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish, davlat xaridlari masalalarini muhokama qilish jarayonida bugun fuqarolarimiz faol ishtirok etmoqda. Shu asosda davlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari o‘rtasidagi hamkorlik va jamoat nazorati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Yurtdoshlarimiz uchun mamlakatning xohlagan hududida emin-erkin yashash, uy-joy va ko‘chmas mulk sotib olish, fuqarolikka ega bo‘lish, bilim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, daromad topish, turli davlat xizmatlaridan foydalanishga oid keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Eng muhimi, bunday o‘zgarishlarni har bir inson kundalik hayotida ko‘rmoqda, his etmoqda.
Ayniqsa, davlat tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini chet ellarda ham ta’minlash bo‘yicha boshlagan ishlarimiz xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizning Vatanimizga bo‘lgan mehri va ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bunday natijalarga erishishda Konstitutsiya va qonunlarimiz talablaridan kelib chiqib, iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, tibbiyot va ta’lim sohalaridagi muammolar, majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag‘allik, korrupsiyaga qarshi kurash masalalari keng jamoatchiligimiz ishtirokida hal etilayotgani muhim rol o‘ynamoqda.
Mamlakatimizda ijtimoiy muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimlari dastlabki ijobiy natijasini berayotganini ta’kidlash lozim. Ayniqsa, muhtaram faxriylarimiz, xotin-qizlar, yoshlar, aholining yordamga muhtoj qatlamlarining huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahalliy kengashlar faoliyati ham jonlanmoqda. Shu yilning o‘zida ushbu tuzilmalar orqali fuqarolarning 29 mingdan ziyod muammolari ijobiy hal etilgani, o‘z vazifasini mas’uliyat bilan ado etmayotgan rahbarlarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rilayotgani ham shundan dalolat beradi.
Inson huquqlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadigan sud tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nazorat instansiyasi bekor qilinib, fuqarolar va advokatlarning shikoyatlari ham, xuddi prokuror protesti kabi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘riladigan tartib o‘rnatildi.
Ilk bor mansabdorlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turadigan ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali joriy yilning o‘zida 6,5 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklandi. Iqtisodiy va fuqarolik sudlarida prokurorning ishtiroki cheklandi, jinoyat ishlarini asossiz ravishda suddan chaqirib olish bilan bog‘liq amaliyotga barham berildi. Xorijiy investorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirish maqsadida Xalqaro tijorat arbitraji faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Advokatlarning vakolatlari kengaytirilmoqda, Oliy Majlis huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil – Ombudsman tomonidan tashkil etilgan jamoatchilik guruhlari o‘z vazifasini samarali amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Bu yil 4 mingdan ortiq shaxs sud zalidan ozod qilinib, 8 mingga yaqin fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgani, 859 nafar shaxs oqlangani sud-tergov sohasidagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Xalqimizga xos kechirimlilik, bag‘rikenglik va oliyjanoblik tamoyillariga amal qilgan holda, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarga nisbatan afv instituti muntazam qo‘llanmoqda. Shu boradagi ishlarimizning davomi sifatida Konstitutsiya kuni arafasida yana bir farmonga imzo chekdim. Unga ko‘ra, shu toifaga mansub 182 nafar shaxs muddatidan oldin ozod qilinib, erkin hayotga qaytarilmoqda.
Mamlakatimizda so‘z va vijdon erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini jamoatchilik fikrini ifoda etadigan “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Turli millat va diniy konfessiyalar vakillarining o‘z tili, urf-odat va an’analarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz. Oldimizda turgan vazifalarni amalga oshirish uchun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz.
Avvalo, Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalarni hayotga joriy etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratib, demokratik yangilanishlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratamiz. Parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini yanada kengaytirish, ijro organlari ustidan vakillik nazoratini kuchaytirish, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ayniqsa, hududlarni rivojlantirishda mahalliy kengashlar rolini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Ma’muriy islohotlar dasturini amalga oshirish borasida davlat organlarining huquqiy maqomini aniq belgilash, ixcham boshqaruv apparatini shakllantirish va ish yuritishni raqamlashtirishga alohida ahamiyat qaratiladi.
Yana bir muhim vazifa amaldagi jinoyat qonunchiligini qayta ko‘rib chiqishdan iborat.
Hozirgi kunda koloniyalardagi mahkumlarning qariyb 80 foizi mehnatga jalb etilgan bo‘lsa-da, ularning ishlagan yillari umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblanmaydi va pensiya tayinlashda inobatga olinmaydi. Ijtimoiy adolat tamoyiliga to‘g‘ri kelmaydigan bunday cheklovning bekor qilinishi mahkumlar tomonidan moliyaviy muhtojlik tufayli takroran jinoyat sodir etishning oldini olishga xizmat qilgan bo‘lur edi. Shuningdek, jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish uchun “dastlabki yordam paketi” tizimi joriy etiladi. Xususan, o‘zining aniq tadbirkorlik loyihasini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan sobiq mahkumlarga Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasidan 10 million so‘mgacha bir martalik moddiy yordam beriladi.
Taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda uning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettiramiz. Bu borada davlat idoralari bilan birga, keng jamoatchilik, ayniqsa, fuqarolik jamiyati institutlarining kuch va salohiyatidan samarali foydalanishga jiddiy e’tibor qaratamiz.
Aziz do‘stlar!
Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topayotgan, adolatli va xalqparvar davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalo, yangi konstitutsiyaviy makon hamda yanada mustahkam qonunchilik bazasi kerak bo‘lishini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Shu ma’noda, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylanmoqda.
Shu yil Prezident saylovi oldidan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda fuqarolarimiz, keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar vakillari tomonidan bildirilgan takliflarda ana shu masala alohida qayd etilgani konstitutsiyaviy islohotlarni obektiv zarurat sifatida kun tartibiga qo‘ymoqda.
Bu, ayniqsa, quyidagi holatlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Birinchidan, ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchiligimiz va huquqiy amaliyotimizda mustahkamlash zarur.
Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash bosh mezon bo‘lishi kerak. Bu – xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim shartidir.
Uchinchidan, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash ham davr talabidir.
To‘rtinchidan, Bosh qomusimizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qo‘yishimiz zarur.
Beshinchidan, farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada o‘z aksini topishi kerak.
Oltinchidan, hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi, deb o‘ylayman.
Yettinchidan, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari ham o‘z aksini topishi zarur.
Sakkizinchidan, hozirgi vaqtda ko‘plab rivojlangan davlatlar, tabiatdagi global o‘zgarishlarni hisobga olib, o‘z konstitutsiyasiga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor o‘rin egallashi lozim.
To‘qqizinchidan, Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish ham maqsadga muvofiqdir.
Albatta, Konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda biz yetti marta emas, yetmish marta o‘ylab, xalqimiz bilan har tomonlama maslahatlashgan holda, yurtimiz va jahondagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib, aniq qaror qabul qilishimiz zarur.
Oliy Majlis palatalari, hurmatli deputat va senatorlarimiz, muhtaram nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar jamoatchiligi, huquqshunos va siyosatshunos olimlarimiz, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilarimiz, butun xalqimiz bu masalada o‘zining aniq fikr va qarashlarini bildiradilar, deb ishonaman.
Atoqli davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning “Yaxshi bo‘lish uchun – o‘zgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi bo‘lish uchun esa yanada ko‘proq o‘zgarish kerak”, degan so‘zlarida, o‘ylaymanki, teran hayotiy ma’no mujassam.
Darhaqiqat, bugungi shiddatli davr bizdan zamonga mos harakat va o‘zgarishlarni talab etmoqda. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun Asosiy qonunimizning yangi loyihasini tayyorlashimiz, uni umumxalq muhokamasiga qo‘yib, bildirilgan takliflar asosida takomillashtirish, ushbu muhim siyosiy hujjatni 2022 yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yillik bayrami nishonlanadigan kunlarda qabul qilish, o‘ylaymanki, milliy davlatchilik an’analarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ish bo‘ladi.
Aziz va qadrli vatandoshlar!
Mana shu ulug‘ ayyomda xalqimizning dilidagi bir fikrni yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: Yangi O‘zbekistondagi islohotlar endi hech qachon ortga qaytmaydi.
Yangi O‘zbekiston g‘oyasi el-yurtimizning ulkan intilish va irodasi bilan umumxalq harakatiga aylanmoqda. Barchamiz ana shu ulug‘ maqsad yo‘lida yanada jipslashib, g‘ayrat-shijoat va mas’uliyat bilan fidokorona mehnat qilsak, ko‘zlagan yuksak marralarimizga albatta yetamiz.
Ishonchim komil, oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin g‘oyat qiyin va murakkab, og‘ir sinovli yillarda Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga munosib hissa qo‘shgan insonlarni kelgusi avlodlar minnatdorlik bilan eslaydi.
Barchamizga ana shunday buyuk baxt va sharaf yor bo‘lsin!
Jonajon O‘zbekistonimiz doimo gullab-yashnasin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Siz, aziz vatandoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Mavzuga oid
18:01
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni va Ozarboyjonga boradi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:23 / 07.11.2024
Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi
18:21 / 07.11.2024