O‘zbekiston | 16:07 / 08.12.2021
15112
4 daqiqa o‘qiladi

Cho‘l odami - “Manzil” loyihasining ilk soni

Olam keng, manzillar ko‘p, odamlar turfa. Yurt kezib, el tanib, fikr qilib yashashning zavqi o‘zgacha. Manzil-u makonlar ichra shundaylari borki, u yerda bir kungina yashasangiz bas, odamlarining samimiyati va shukronasi sizga ham yuqadi: ichingizda allaqanday pozitiv, yengillik uyg‘onganini sezasiz.

Kun.uz turfa maskanlar va u yerlarda yashayotgan insonlar turmushidan hikoya qiluvchi “Manzil” loyihasini taqdim etadi. Ilk manzilimiz – Namangan cho‘llaridagi Oqqum qishlog‘i.

Oqqum qishlog‘i Namangan viloyati Mingbuloq tumanining cho‘lli hududlarida joylashgan. Bundan uch asr avval qoraqalpoq xalqlarining katta ko‘chishi davri bu qishloq paydo bo‘lishiga asos bo‘lgan.

Qum barxanlariga tutashib ketgan qishloq bejiz Oqqum deb nomlanmagan. Ko‘rsatuvni tasvirga olish davomida cho‘ponchilik qilayotgan otaxon, qishga g‘o‘zapoya g‘amlayotgan yigit, lavlagi dalasida ishlayotgan ayollar va qishloq hayotida insonlar oqibatini ko‘rgan kelinchak bilan suhbatda bo‘ldik.

Surayyo Begaliyeva bu qishloqqa tuman markazidan kelin bo‘lib tushgan. Kelinligining ilk kunlarida qishloqdagi ko‘p holat unga o‘zgacha bo‘lib ko‘ringan. Xonadonlar o‘rtasida devor yo‘qligi, ayollarning mehnatkashligi, qo‘ni-qo‘shnining bir-biriga oqibati uni hayratda qoldirgan. Hozir esa u o‘zini shu qishloqning bir bo‘lagi deb hisoblaydi. Erta tongda sigir sog‘ishdan boshlangan kun, xamir qorish, non yopish, yaqinlariga taom tayyorlash va xonadondagi ko‘plab ishlar bilan oxirlaganini ham bilmay qoladi.

Oqqum hududida qachonlardir fabrika ishlagan. Tumanning katta qismini ta’minlab beruvchi ombor ham shu hududda bo‘lgan. Lekin oradan vaqtlar o‘tib ombor buzilgan va fabrika ham yo‘q bo‘lib ketgan. O‘sha paytda ko‘plab erkaklar qatori ayollar ham ishli bo‘lgan. Hozir esa tirikchilik asosan dehqonchilik va mavsumiy ishlardan. Qishloqda to‘rt, besh yildan beri qizil lavlagi yetishtirish ommalashgan. Bu esa ayollarga oz bo‘lsa-da pul ishlab olish imkonini bergan. Qishloq ayollari bilan suhbatimiz qizil lavlagi dalasida bo‘ldi.

Qishloqda yoshi keksa, otaxon-u onaxonlarda ham tinim yo‘qligini ko‘rdik. Chorvasini o‘tlatgani olib chiqib ketayotgan Ergashali ota O‘razaliyev bir kam 70 ga kirgan bo‘lsa-da doim harakatda. Hayvon boqish ham o‘zining sog‘ligiga, ham oilasi daromadiga foyda ekanini aytadi.

Dalada g‘o‘zapoya dastalayotgan Usmonali Saminjonov e’tiborimizni tortdi. Paxta terimi yakunlanganidan keyin fermerlar dalasini bo‘shatish maqsadida aholiga yerni bo‘lib beradi. Ya’ni g‘o‘zapoyani bog‘lab olib chiqib ketishlari uchun. Suhbatdoshimiz ham qishga tandir, o‘choq uchun ishlatish maqsadida astoydil ish olib borayotgan edi.

Yangi loyihaning YouTube-kanaliga obuna bo‘ling, fikr-mulohazalaringizni izohlarda albatta yozib qoldiring.

“Manzil” yangi manzillar tomon yo‘lga otlangan. Tez orada loyihaning yangi sonlarini taqdim etamiz.

Tohirjon Tursunov,
Boymirza Xalilov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid