Jahon | 10:11 / 12.12.2021
3877
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston bosh vazirining Twitter’dagi sahifasi hakerlar tomonidan buzildi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Twitter’dagi akkauntiga hakerlik hujumi sodir etildi. Hakerlar sahifada Hindistonda endilikda bitkoynlar bilan to‘lovlarni amalga oshirish mumkinligi haqida xabar qoldirgan. 

Foto: TASS / Mixail Metsel

“Bosh vazir Narendra Modining akkaunti qisqa muddatga buzildi. Ushbu vaqt ichida unda e'lon qilingan tvitlar inobatga olinmasligi lozim”, deb aytilgan Modi devonxonasida.

Bloomberg’ning xabar berishicha, devonxonada bosh vazir sahifasida Hindistonda bitkoyn qonuniy to‘lov vositasi sifatida qabul qilinishiga ruxsat berilgani, mamlakat bitkoynlar sotib olgani va ularni odamlar orasida tarqatishi haqida tvitlar joylashtirilgani ma'lum qilingan.   

O‘z navbatida, Twitter’da Modining sahifasi buzilganidan xabar topishlari bilanoq uning ustidan nazoratni tiklash uchun barcha zarur choralar ko‘rilgani ma'lum qilingan.

Modining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi bir yil avval, 2020 yil sentyabrda ham buzilgan. O‘shanda bosh vazir sahifasida u amerikalik aktyor Kianu Rivz ijrosidagi film qahramoni Jon Uik tomonidan buzib kirilgani haqida xabar qoldirilgan. Shundan keyin hakerlar tomonidan sahifada Modi koronavirusga qarshi kurash uchun tashkil etgan jamg‘armaga kriptovaluta xayriya qilishga chaqiriq bo‘lgan bir nechta tvit joylangan. 

Mavzuga oid