Jahon | 21:42 / 14.12.2021
10964
4 daqiqa o‘qiladi

Pegasus asoschilari inqiroz yoqasida. Ular NSO Group'ni sotmoqchi

Isroilning NSO Group kompaniyasi ko‘plab mamlakatlar jurnalistlar, huquq faollari va hatto davlat rahbarlarining telefonlarini kuzatishda foydalangani oshkor bo‘lgan Pegasus dasturini ishlab chiqqani bilan mashhurlikka erishgandi.

Foto: AFP

Bloomberg'ning yozishicha, NSO Group rahbarlari korxonani sotish haqida o‘ylamoqda. Kompaniya AQSh Savdo vazirligining qora ro‘yxatiga kiritilgani va Apple tomonidan sudga berilganidan keyin iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qolgan. Nashrning yozishicha, qator investitsion fondlar bilan korxona qarzlarini moliyalashtirish yoki uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan.

Isroil kompaniyasini moliyalashtirishga AQShning ikkita fondi qiziqish bildirgan. Ular NSO Group ustidan nazoratni qo‘lga olib, Pegasus dasturidan telefonlarni kuzatish uchun foydalanishga chek qo‘ymoqchi. Investorlar 200 million dollar ajratib, Pegasus dasturini kiberxavfsizlik va dronlar ishlab chiqarishga yo‘naltirmoqchi.

Ikki yil avval NSO Group 1 milliard dollarga baholanayotgandi. Pegasus dasturi faoliyati oshkor bo‘lgach, kompaniya qiyin ahvolda qoldi. Chunki daromadning yarmi aynan shu josuslik dasturi hissasiga to‘g‘ri kelardi.

Pegasus dasturi orqali ko‘plab davlatlarning xavfsizlik xizmatlari jurnalistlar, huquq faollari va hatto davlat rahbarlarining telefonini noqonuniy buzib kirgani haqida iyul oyida Fransiyaning Forbidden Stories nashri surishtiruvida ma’lum bo‘lgandi. Amnesty International va 17 ta jurnalistik tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan surishtiruvda kamida 11 ta davlat xavfsizlik xizmatlari dasturdan foydalangani aniqlangan.

Washington Post telefonlarni simkartasi orqali buzib kiruvchi Pegasus dasturidan 45 ta davlat foydalangani, ular orasida O‘zbekiston ham borligini yozgandi. Ozarboyjon, Bahrayn, Vengriya, Hindiston, Qozog‘iston, Meksika, Marokash, BAA, Ruanda, Saudiya Arabistoni Pegasus'dan eng ko‘p foydalangan davlatlar ekani aniqlangan. Bloomberg yaqinda Pegasus orqali AQSh davlat departamentining kamida to‘qqiz nafar xodimiga tegishli telefonlar buzib kirilgani haqida xabar qilgan.

NSO Group bu surishtiruvdan keyin o‘zini oqlab chiqib, kompaniya dasturni davlatlarga faqat terrorizmga qarshi kurash doirasida sotishi, bu kelishuvni buzgan davlatlar bilan shartnomani bekor qilishini iddao qildi. Surishtiruvdan keyin AQSh savdo vazirligi NSO Group'ni qora ro‘yxatga kiritgan. Apple esa Pegasus orqali telefonlarga buzib kirishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Apple va uning foydalanuvchilariga hujum deb qabul qilib, Isroil kompaniyasini sudga berdi.

AQSh bosimidan keyin NSO Group kompaniyasining iqtisodiy holati qiyinlasha boshladi. Korxona ayni damda 450 million dollar kredit undiruvini amalga oshirishi kerak. Bloomberg manbasiga ko‘ra NSO Group'ning 2021 yildagi daromadi 230 million dollarni tashkil etadi. Bu esa 2018 yilgiga qaraganda 8 foizga kamroq degani.

Ma’lumot uchun, NSO Group kompaniyasi «AMAN» deb nomlangan Isroil harbiy razvedkasining ikki sobiq xodimi tomonidan yaratilgan. Bu korxona kiberkuzatuv texnologiyalari bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. U o‘z mahsulotlarini Isroil mudofaa vazirligi bergan litsenziya asosida sotadi.

Mavzuga oid