Jahon | 10:36 / 14.12.2021
6044
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi 300dan ko‘proq bomba yo‘q qilindi

Yaponiyaning Okinava prefekturasi markazi Naxa shahrida ushbu hududda topilgan Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi portlamay qolgan 319 ta bomba va snaryad yo‘q qilindi. Bu haqda NHK telekanali xabar berdi. 

Foto: FORCES PHOTO

AQSh tomonidan qo‘llangan bombalar Naxa portidagi qazish ishlari vaqtida topilgan. Ular dengizga tushirilib, Yaponiya mudofaa kuchlari sapyorlari tomonidan portlatib yuborilgan. Telekanal efirida bombalar portlatilgach, suv ustida 20 metr balandlikda loyqa suv devori ko‘tarilgani ko‘rsatilgan. Ta’kidlanishicha, o‘q-dorilarni yo‘q qilish amaliyoti 1995 yildan beri Naxada o‘tkazilgan eng yirigi bo‘lgan.      

NHK ma’lumotlariga ko‘ra, Okinava hududida har yili 20 tonnaga yaqin portlamay qolgan bomba va snaryadlar yo‘q qilinadi.

Okinava oroli uchun Yaponiya va AQSh o‘rtasida kechgan jang 1945 yil 1 aprelda boshlangan va 82 kun davom etgan. Jang Itoman shahrida yapon garnizoni qo‘mondoni general-leytenant Mitsuru Usidzima o‘z shtabining ko‘plab a’zolari bilan birga o‘z jonlariga qasd qilgach, 23 iyunda yapon qo‘shinlarining kapitulyatsiyasi bilan yakunlangan. Biroq bundan bexabar ba’zi yapon otryadlari sentyabrgacha qarshilikni davom ettirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid