O‘zbekiston | 20:07 / 16.12.2021
30214
8 daqiqa o‘qiladi

Denovdagi portlashdan keyin. Aholining zararini qoplash masalasi nima bo‘lmoqda?

Kun.uz’ga intervyu bergan fuqarolar portlashdan zarar ko‘rgan uylarini ta’mirlash ishlari mahalliy tadbirkorlar zimmasiga yuklatilganini aytmoqda. Tuman hokimligi esa hech kim bu ishga majburlanmagani, aksincha, odamlar boshiga tushgan musibatga befarq bo‘lmagan ayrim tadbirkorlar o‘zlari hokimlikka murojaat qilib, yordam taklif etishganini bildirdi.

9–11 dekabr kunlari Denov tumanida bo‘lgan Kun.uz muxbirlari ikki qavatli savdo markazi, o‘nlab do‘konlar va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari, 65ta uyga zarar yetkazgan vayronkor portlash ro‘y bergan kunni denovliklar qanday xotirlashi bilan qiziqdi.

«Uyquda edik. Qattiq portlash bo‘ldi. O‘zimni o‘nglab olgunimcha yana ikki marta nimadir paqilladi. Ko‘chaga chiqsak, «Indenim» portlaganini aytishdi. Yong‘in bo‘lganini ko‘rmadik. Portladi, aniq portladi», deydi mahalliy aholi vakili bo‘lgan Nigora Rajabova.

«Voqea soat yigirmata kam to‘rtlarda sodir bo‘ldi. Hamma uxlab yotgandi. Bir marta portladi. Birinchi, atrof yorishib ketdi. Keyin birdan mana shu narsa bo‘ldi.

Men yer qimirlabdimi deb tursam, xo‘jayinim bilan kichkina qizim deraza oynasining siniqlari tagida qolib ketgan ekan. Qarasam, peshonalari, boshlari, yuzlari jarohatlangan. Portlash ta’sirida gaz quvurlari uzilib ketgandi. Svet ham o‘chib qolgandi», deydi Gulbahor Shaymardonova.

8 dekabr kuni Denov tumani hokimligida hukumat komissiyasi a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov portlashdan zarar ko‘rgan xonadonlar davlat hisobidan ta’mirlab berilishini aytdi.

«Zarar yetgan xonadonlarning hammasida fuqarolar bilan kelishgan holda shiferini, eshik-romlarini almashtirishni boshlab yuborganmiz. Uylarni davlat tomonidan eski holatiga keltirish bo‘yicha topshiriqlar olingan. Qisqa muddatda, 3-4 kunda hammasi oxiriga yetkaziladi», deya ta’kidlagan viloyat hokimi.

Kun.uz’ga intervyu bergan denovliklarning ta’kidlashicha, portlashdan zarar ko‘rgan uylarni ta’mirlash mahalliy tadbirkorlar zimmasiga yuklatilgan.

Denov tumani hokimligi mas’ullari esa hech bir tadbirkor bu ishga majburlanmaganini ta’kidlamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hamshaharlari boshiga tushgan musibatga befarq bo‘lmagan ayrim tadbirkorlar o‘zlari hokimlikka murojaat qilib, yordamlarini taklif etishgan, zarar ko‘rgan xonadonlardagi qurilish-tiklash ishlari tuman hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Sayt muxbirlari jarayon To‘ra Bobolov aytganidek silliq kechmayotgani, portlashdan zarar ko‘rgan mahalliy aholi mas’ullarning harakatlaridan qoniqmayotganiga guvoh bo‘ldi. Jabrlanuvchilarning aytishicha, viloyat hokimi barcha ishlar 3-4 kun ichida tugatilishini ta’kidlagan bo‘lsa-da, amalda bunday bo‘lmayotgani, uylariga ko‘pchilik kelib-ketayotgani, biroq bu keldi-ketdilardan natija bo‘lmayotganini aytishgan.

«Xo‘jayinim ishga ketgandi. Uyimiz eski, qaynota-qaynonamizdan qolgan uy bo‘lsayam, yaxshi holatda edi. Portlashdan keyin eshik, deraza-romlarimiz sindi, oynalari chil-chil bo‘ldi. Ayrim xonalarimiz, ayvonimizning shifti ko‘chib tushdi.

Hozir bu yerda yotib bo‘lmaydi. Unisi kelyapti, bunisi kelyapti, hamma nima bo‘lganini so‘raydi va ketadi. Bu savol-javoblardan hech qanday natija bo‘lmayapti. Kun o‘tib ketyapti. Portlash bo‘lmaganda hech kimga borib uyimizni ta’mirlab beringlar demasdik. Biz uyushtirmadik-ku bu narsani», deydi Gulbahor Shaymardonova.

«Bu qo‘shnimning uyi, to‘g‘ri, eski uy, biroq yashashga yaroqli. Tadbirkorlar, eshik-rom ustalari kelib, uyning portlashdan zarar ko‘rgan deraza romlarining o‘zini tuzatib beramiz deb aytishyapti. Qo‘shnilarim ham Akfa rom qo‘yib bering, demayapti. Biroq sinib ketgan romni yamamay yaxshiroq eshik-romlar qo‘yib berishsin, deyishyapti. Bularning orqasida hech kimi yo‘q, oddiy oila, shuning uchun ularni hech kim eshitmayapti», deydi jabrlanuvchining qo‘shnisi Alisher Mamatqulov.

Portlash oqibatida hududdagi 65ta uy zarar ko‘rgan, shundan 6ta xonadon devorlari yorilib, yashash uchun yaroqsiz holga kelgan. Avariyaviy holatda deb topilgan uylarda yashovchilar, shuningdek, favqulodda hodisa oqibatida zarar yetgan ayrim xonadonlardagilar vaqtincha boshqa uylarga ko‘chirilgan, ijara pullari tuman hokimligi tomonidan to‘lab berilishi ma’lum qilingan.

Biroq boshqa uyga ko‘chishga rozi bo‘lmay o‘z uyida qolganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Denov tumani hokimligining ma’lum qilishicha, Kun.uz’ga intervyu bergan jabrlanuvchilarning muammolari ijobiy hal etilgan. Jumladan, Baxtli el ko‘chasi 79-uyda yashovchi Dilorom Bobonovaning uy-joyi qaytadan qurib berilyapti, shu sababli oilasi vaqtincha ko‘chirilgan. 110-uyda istiqomat qiladigan Gulnora Nasriddinovaning uyiga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, deraza-rom uchun kelishilgan holda kerakli mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 153-uyda yashovchi Gulbahor Shaymardonovaning uyida ustalar ishlamoqda.

Tuman hokimligining bildirishicha, dastlab uy tomi yopilib, shifti ta’mirlanadi, so‘ngra boshqa ta’mirtalab joylar avvalgi holatiga keltiriladi.

Kun.uz savdo markazidagi portlash sabablari bilan bog‘liq jamoatchilikni qiziqtirgan savollarni Bosh prokuraturaga yo‘lladi. Idora matbuot xizmati tergov siri nuqtayi nazaridan ma’lumot taqdim etilmasligini ma’lum qildi. «Tergov guruhi rahbari ruxsat bergan taqdirda dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish bo‘yicha rasmiy bayonot beriladi», deya ta’kidlagan Hayot Shamsuddinov.

14 dekabr kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minoti filiali direktori M.Mansurov «Indenim»dagi portlashga savdo markazi ostidan tuman hokimligi binosi qozonxonasiga o‘tgan o‘rta bosimli gaz quvuridan sizib chiqqan gaz sabab bo‘lganini aytdi.

16 dekabr kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati Denovdagi portlash bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida uch kishi: Denov shahar gaz bo‘limi boshlig‘i, «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minotining 2 xodimi qamoqqa olingani haqida xabar berdi.

Portlash bilan bog‘liq ochiq qolayotgan savollar ko‘p. Shulardan biri tadbirkorlar ko‘rgan zarar qay tarzda qoplab berilishi, bu jarayon qachon boshlanishi bilan bog‘liq. Gap faqat «Indenim» savdo markazida faoliyat yuritgan tadbirkorlar haqida ketmayapti, balki savdo markazi atrofidagi do‘konlar, shuningdek, xonadonlarda tashkil etilgan savdo nuqtalari, tikuv sexlari va boshqa tadbirkorlik shoxobchalari ham zarar ko‘rgan.

Viloyat hokimi bu masala mustaqil baholovchilarning xulosalari olingach, sud tartibida hal qilinishini aytgan. Biroq bu ishlarga qancha vaqt ketadi, ungacha tirikchilik manbayidan mahrum bo‘lganlarning holi nima kechadi, bular hozircha ma’lum emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kungi videoselektorda Denovdagi voqeaga to‘xtalib, bosh vazirga qo‘shimcha topshiriqlar berishi ortidan hukumat komissiyasiga portlash oqibatlarini bartaraf etish uchun bir oy muddat berilgan. Rasmiylar barcha muammoli masalalarga shu muddat ichida javob topilishini ta’kidlashmoqda.

Mavzuga oid