O‘zbekiston | 16:19 / 16.12.2021
5535
3 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtda badbo‘y hid taratib ishlaydigan korxonalar shahardan tashqariga ko‘chirilishi ma’lum qilindi

Toshkent shahar hokimi poytaxtdagi oqova suv inshootlari samaradorligini oshirish bo‘yicha qilinadigan ishlar hamda badbo‘y hid taratib ishlaydigan korxonalarni shahar tashqarisiga ko‘chirish masalasida gapirdi. 

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Bugun Senat majlisida ko‘tarilgan masalalardan biri Toshkent shahridagi suv oqova tizimidagi muammolar to‘g‘risida bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtdagi Salar, Bo‘zsuv va Bektemir oqova suv inshootlari texnik loyihalar bo‘yicha 75-80 foiz tozalash quvvatiga ega bo‘lishi kerak. Ammo Salar 51 foiz, Bo‘zsuv 50 foizga yaqin va Bektemir tumanidagi suv oqova inshoooti 35 foiz quvvat bilan ishlamoqda. Bu tozalanmagan oqovalar ochiq suv havzalariga tushib badbo‘y hidlar paydo bo‘lishiga olib kelyapti, degani.

Qayd etilishicha, mazkur uch obektga sutkasiga 1 mln 640 ming kub/metr suv keladi. Aholi va korxonalar hamda obektlardan tushayotgan oqovalar hajmi esa 1 mln 625 ming kub/metr.

Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdan ushbu tozalash inshootlari samaradorligini oshirish uchun nimalar qilinayotgani so‘raldi.

“Bu 3 ta inshoot 95 foiz quvvat bilan ishlayapti. Prezidentimizga yangi loyiha taqdim etganmiz. Unda 200 ming kub/metrli qo‘shimcha tozalash punktini ochish keltirilgan.

Bundan tashqari, shahar tashqarisida 1 mln kubometrli yangi texnologiyalar asosida tozalash inshootlari qurishni mo‘ljallaganmiz.

Shuningdek, oqova suvlar bo‘yicha Fransiyaning Suesa kompaniyasi bilan shartmnoma imzoladik. Bu yil 200 ming kubometrlikni qilamiz”, dedi u.

Shuningdek, shaharga taraladigan badbo‘y hidlarni kamaytirish borasida nimalar qilinishi rejalashtirilgani haqida ham so‘z bordi.

“Toshkent shahrida joylashgan teri tozalash va boshqa badbo‘y hid chiqaruvchi korxonalar faoliyatini to‘xtatdik. Ularni Ohangarondagi maxsus hududga olib chiqish takliflarini beryapmiz. Shaharda badbo‘y hid chiqaradigan korxonalar kamaygani hisobiga hid ham kamayishi ko‘zda tutilyapti. Maxsus ishchi guruh badbo‘y hidlarni tozalash bo‘yicha shu yil yozdan beri ishlamoqda”, deya ta’kidladi poytaxt hokimi. 

Исломбек Умаралиев
Tayyorlagan Исломбек Умаралиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid