O‘zbekiston | 19:59 / 17.12.2021
13181
6 daqiqa o‘qiladi

«Plastik kartadan pul o‘g‘irlash ommalashgan» - IIBB vakili bilan poytaxtdagi jinoyatchilik darajasi haqida suhbat

Toshkent shahrida 11 oy ichida 18 mingdan ortiq jinoyatlar sodir etilgan, qasddan odam o‘ldirish holatlari oila-turmush doirasida sodir bo‘lmoqda, jinoyatlardagi yoshlar ulushi 1,5 mingga yaqin.

Nilufar Isaxonova / Foto: Kun.uz

Kun.uz Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nilufar Isaxonova bilan 2021 yilda Toshkent shahrida sodir etilgan jinoyatlar haqida suhbat uyushtirdi.

2021 yilda Toshkentda sodir etilgan jinoyatlar soni qanchani tashkil etadi? O‘tgan yilgi ko‘rsatkich bilan taqqoslansa, bu ko‘pmi yoki kam?

 – Hozirgi kunda hisobot yuritish shakli o‘zgargani munosabati bilan raqamlarni o‘tgan yillar bilan solishtirish amaliyotidan voz kechilgan. Sodir etilgan jinoyatlar 100 ming aholiga nisbatan hisoblanadi. Joriy yilning 11 oyi davomida jinoyat qidiruv yo‘nalishida poytaxtda 18 ming 165ta jinoyat qayd etilgan.

Bevosita ichki ishlar organlari xodimlari tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlarga to‘xtalsak, ularning soni yanvar-noyabr oylarida 5 ming 644tani tashkil qildi. Shundan 1 ming 375tasi giyohvandlik va psixotrop vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar, unda 122 kg 756 gramm giyohvandlik va 108 ming 550 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tarqalib ketishining oldi olindi.

12 ming 544ta jinoyat fosh etildi, ulardan 171tasi o‘tgan yillarda sodir etilgan jinoyatlardir. 822 nafar qidiruvdagi jinoyatchilar ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.  

Yanvar–noyabr oylarida jinoyatlar qaysi tumanlarda ko‘proq qayd etildi?

— Yil davomida sodir etilgan jinoyatlar soni 100 ming aholiga nisbatan Bektemir, Mirobod va Chilonzor tumanlarida yuqori hisoblanadi. Bu tumanlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida mahallabay chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olingan.

Eng ko‘p sodir etilgan jinoyatlar haqida gaplashsak. Shaharda aynan qaysi jinoyat turlari ommalashdi deyish mumkin?

Eng ko‘p sodir etilgan jinoyatlar firibgarlik (7 ming 171 ta) va o‘g‘rilik (5 ming 298 ta). Misol uchun, hozirda plastik kartalardan pul o‘g‘irlash yoki firibgarlik holatlari ommalashgan.

Biz fuqarolarga doimiy ravishda tushuntiramiz: plastik kartangizning ma’lumotlarini begona shaxslarga bermang deb.

To‘g‘ri, plastik karta savdo qilish, xizmat ko‘rsatish, kommunal va boshqa to‘lovlarni to‘lashda ko‘plab qulayliklarga ega. Lekin bu kabi operatsiyani amalga oshirishda SMS orqali keladigan maxfiy kodni boshqalarga berish mumkin emas. 4 raqamdan iborat maxfiy kod faqatgina plastik kartaning egasi shaxsan elektron operatsiyani amalga oshirishi uchun kerak. Qolgan holatlarda bu raqamni boshqa shaxslarga berish mumkin emas.

Afsuski, firibgarlar plastik karta egasiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bankdan, Clisk, Payme yoki boshqa to‘lov xizmatlari tashkiloti xodimi ekanini aytib, fuqarolarni aldab, ushbu ma’lumotni so‘raganda, plastik karta egalari bu ma’lumotlarni berib yuborishi holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Oqibatda firibgar pullarni yechib olmoqda va fuqaro jabrlanmoqda.

Toshkentda sodir etilgan qotilliklar bo‘yicha ham ma’lumot bersangiz. Odam hayoti bilan bog‘liq bu jinoyatlar soni qanchani tashkil etdi?

— 2021 yil davomida Toshkent shahrida 62ta qasddan odam o‘ldirish jinoyati sodir etilgan. Ushbu jinoyatlarning aksariyat qismi oila-turmush doirasida, tanishlar o‘rtasida ro‘y bergan.

Jinoyat kodeksining 97-moddasiga ko‘ra, qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan shaxsga nisbatan sud tomonidan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Jinoyatchilarning yoshi ham o‘rganiladimi? Qaysi yosh toifasidagilar ko‘proq jinoyat sodir etmoqda?

— Jinoyatchining shaxsi o‘rganilganda, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga alohida urg‘u beriladi, lekin o‘rta yosh va katta yoshlilar toifasiga bo‘lib tahlil qilinmaydi.

O‘zingizga ma’lum, yoshlar deganda 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tushuniladi. Joriy davrda yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 1 ming 473tani tashkil qiladi.

Hozirda poytaxtda jinoyatchilikni kamaytirish yoki oldini olish borasida qanday choralar ko‘rilyapti?

— Toshkent shahridagi «jinoyatchilikni jilovlash» maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, «jinoyatlar o‘chog‘i» o‘rganilib, sabablari tahlil qilinadi, aynan shu hududda jinoyat sodir etilishiga sharoit bo‘layotgan omillarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Masalan, shu hududda patrul-post xizmati faoliyati kuchaytiriladi, jinoyat qorong‘i, yaxshi yoritilmagan hududda sodir etilayotgan bo‘lsa, shu hududni tungi yoritish chiroqlari bilan ta’minlash choralari ko‘riladi, kuzatuv kameralari o‘rnatilib, ularning sozligi tekshiriladi.

Shuningdek, bino, inshootlarda, muassasa va xonadonlarda sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish maqsadida ularni qo‘riqlov pultiga topshirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Xodimlar tomonidan aholi orasida huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish maqsadida ta’lim muassasalari, tashkilot va korxonalarda, mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazilib, jinoyat turlari, sodir etish usullari va jinoyat qurboni bo‘lmaslik yo‘llari tushuntirilmoqda. Bu kabi targ‘ibot ishlari xonadonma-xonadon yurgan profilaktika inspektorlari, jamoat joyida xizmat olib borayotgan YPX, PPX inspektorlari tomonidan ham muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda eng katta kuch ommaviy axborot vositalaridir. Jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirishda OAV vakillari bilan hamkorlikda harakat qilish muhim ahamiyatga ega.

Sizlar bilan hamkorlik qilayotganimizdan xursandmiz, barcha OAV vakillariga Toshkent shahar IIBB boshlig‘i nomidan minnatdorlik bildiramiz.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi.

Исломбек Умаралиев
Muallif Исломбек Умаралиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid