O‘zbekiston | 20:07 / 22.12.2021
4365
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2021 yilda jangovar shaylikni tekshirish ikki baravarga ko‘paydi

2021 yilda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarini doimiy jangovar shayligini ushlab turish maqsadida 1100 dan ortiq to‘satdan tekshiruvlar real jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan sharoitda o‘tkazilgan.

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 21 dekabr kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, natijada tezkor tayyorgarlik tadbirlari soni o‘tgan yilga nisbatan 2 baravarga ortib, qo‘mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligi oshirilgan.

Qayd etilishicha, harbiylarga jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini sifatli o‘tkazish hamda munosib xizmat sharoitlarini yaratish maqsadida 20 ta poligon yangidan qurilib ta’mirlangan hamda zamonaviy o‘quv-moddiy baza bilan jihozlangan. Ulardan 12 tasi xalqaro talablarga mos ravishda qurilib, harbiy musobaqalarni soha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazish hamda mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, har yili takrorlanib o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga chek qo‘yilib, haftaning ketma-ket 4 kuni faqat jangovar tayyorgarlikka qaratilgan hamda amaliy mashg‘ulotlar sifati va soni oshirilgan.

Hisobot davrida NATO armiyalari tajribasidan kelib chiqib, 6 ta poligonda 45 km majmuaviy yo‘laklar qurilgan. Mazkur komplekslarda razvedka, maxsus va desant bo‘linmalarining barcha shaxsiy tarkibi og‘ir jismoniy va psixologik bosimli murakkab sinovdan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid