O‘zbekiston | 14:43 / 22.12.2021
18596
3 daqiqa o‘qiladi

Qorako‘l tumani hokimi o‘zgardi

Sherali Salomov Qorako‘l tumani hokimligidan ketdi.

Xalq deputatlari Qorako‘l tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan Qorako‘l tumanida misli ko‘rilmagan darajada o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berganini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, Qorako‘l tumanida amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘lamini yanada kengaytirish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi ishlarda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani qayd etildi.

Shundan so‘ng Sherali Salomovni Qorako‘l tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarorini deputatlarga o‘qib eshittirdi. Ushbu masala ovozga qo‘yilib, deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Sessiyada Xurshid Yahyoyevich Tohirov nomzodini Qorako‘l tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimi qarori qabul qilingani deputatlarga ma’lum qilindi. Shundan so‘ng kun tartibidagi masala yuzasidan muzokoralarga o‘tilib, tuman Kengashi deputatlari va tuman faollari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Muzokaralardan so‘ng Xurshid Tohirovni Qorako‘l tumani hokimi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi qarori ovozga qo‘yilib, deputatlar tomonidan to‘liq ma’qullandi.

Xurshid Yahyoyevich Tohirov 1976 yilda Romitan tumanida tug‘ilgan. 2001 yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini, 2007 yilda Toshkent Moliya institutini bitirgan. Mutaxassisligi — transport vositalaridan foydalanish va moliya.

U mehnat faoliyatini 1995 yilda Romitan tumani moliya bo‘limi hisobchisi sifatida boshlab, 2001-2005 yillarda Romitan tumani moliya bo‘limi bosh hisobchisi, 2005-2017 yillarda Romitan tumani moliya bo‘limi mudiri va moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari, 2017-2019 yillarda Romitan tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, 2019 yil martidan buyon Romitan tumaniga hokimlik qilib kelayotgandi.

Sherali Salomov muqaddam viloyatning Olot tumaniga rahbarlik qilgan, 2020 yil fevralida Qorako‘l hokimi etib tayinlangandi.

Bundan avvalroq, Buxoro tumani hokimi o‘rinbosari Umidjon Barnoyev Romitan tumani hokimligiga o‘tkazilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid