Oqdaryodagi portlash: propan ballon cho‘g‘ ustiga qo‘yilgani sabab portlagan bo‘lishi mumkin
19 dekabr kuni Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi «Lazzat» oshxonasida portlash sodir bo‘lgandi. Oqibatda 10 kishi jarohatlanib, kasalxonaga yotqizilgan. FVV portlash haqidagi ilk rasmiy xabarda voqea joyida ikkita propan gaz balloni bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Kun.uz muxbirining aniqlashicha, Oqdaryodagi portlashga propan ballondan foydalanishning odamlar orasida keng tarqalgan xavfli usullaridan biri qo‘llangani sabab bo‘lgan. Propan sovuq havoda muzlashga moyilligi sabab odamlar orasida (ayniqsa qishloqlarda) ballonni ostiga sham yoqish, tagiga issiq suv quyish kabi turli yo‘llar bilan isitish odat tusiga kirgan. Shu orqali ballon ichida muzlagan kondensat erib, ballon ulangan uskuna yana bir muddat yonib beradi.
Oqdaryodagi portlash sodir bo‘lgan holatda esa yanada noodatiy usul qo‘llangani taxmin qilinmoqda: ballon ichi to‘la cho‘g‘ bo‘lgan tog‘oraga solib qo‘yilgan. Bu borada tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotgani sabab ma’lumotni tasdiqlatishning imkoni bo‘lmadi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan gaz bo‘yicha mutaxassis propan gaz ballon ostini olov bilan isitish orqali uning ko‘proq yonishiga harakat qilish juda xavfli ekanini ta’kidladi.
Oqdaryo tumanidagi «Lazzat» oshxonasida portlash ayni xo‘randalar ko‘p vaqtda sodir bo‘lgan. Jabrlanganlarning ba’zilari kuyish tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ma’lumot uchun, Oqdaryodagi portlash yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mavzuga oid
11:20
“Qani deputatlar, nega qaramayapti?” - propan narxidan haydovchilar xavotirda
15:24 / 07.11.2024
Birjaga chiqarilayotgan propanning boshlang‘ich narxiga nisbatan cheklov o‘rnatildi
23:26 / 06.11.2024
Boshqirdistonda ko‘mir ortilgan 22 ta vagon relsdan chiqib ketdi
17:04 / 22.10.2024