O‘zbekiston | 14:23 / 23.12.2021
14217
3 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rchi tumani IIB boshlig‘i ishdan olingani ma’lum bo‘ldi

Podpolkovnik Shavkat Musurmonov xizmat faoliyatida jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olingani aytilmoqda.

Foto: IIB axborot xizmati

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Musurmonov 11 dekabr kuni vazir Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Surxondaryo viloyatida olib borilgan o‘rganishlardan so‘ng egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

“Ishchi guruh tomonidan joylarda aniqlangan muammoli masalalar hamda tezkor tadbirlarning amaliy natijalari viloyat va tuman-shahar ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda tanqidiy muhokama qilingan. Yig‘ilishda xizmat faoliyatida jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygan 28 nafar rahbar va xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Jumladan, 2 nafar xodim ichki ishlar organlaridan bo‘shatildi, 14 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 1 nafari lavozim maoshining 30 foizi miqdorda jarima, 3 nafariga “Qattiq hayfsan”, 2 nafariga “Hayfsan” berildi va yana 6 nafariga boshqa choralar ko‘rildi. Aksincha, o‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashgan, namunali xizmat qilib, hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan 31 nafar xodim rag‘batlantirildi”, — deyiladi viloyat IIB rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda.

Biroq xabarda ichki ishlar tizimidan bo‘shatilgan ikki nafar va lavozimidan ozod etilgan 14 nafar xodimning shaxsi ochiqlanmagan. Lavozimidan ozod qilingan 14 nafar xodimning biri Sho‘rchi tumani IIB boshlig‘i Shavkat Musurmonov ekanini viloyat IIB axborot xizmati rahbari Farhod Toshboyev Kun.uz’ga tasdiqladi. Uning aytishicha, Musurmonov “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish bilan bog‘liq topshiriqlarning ijrosi bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan bo‘shatilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Surxondaryo viloyati IIB bo‘lim boshlig‘i sifatida xizmat qilib kelayotgan podpolkovnik Davron Kenjayev Sho‘rchi tumani IIB boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. U 2016–2018 yillarda ham Sho‘rchi tumani IIB boshlig‘i bo‘lib xizmat qilgan. Kenjayev 2018 yili Sherobod tumani IIB rahbarligiga o‘tkazilishi ortidan Shavkat Musurmonov uning o‘rnini egallagandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘g‘rilikda gumon qilingan ikki fuqaro jinoyatni bo‘yniga olishi uchun Sho‘rchi tumani IIB xodimlari tomonidan elektr toki yordamida qiynoqqa solingani Kun.uz’da yoritilgandi. Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati rahbari Farhod Toshboyevning bildirishicha, Shavkat Musurmonovning ishdan olinishi bu voqea bilan bog‘liq emas.

Mavzuga oid