Iqtisodiyot | 16:36 / 27.12.2021
35535
2 daqiqa o‘qiladi

Video: O‘zbekistonda yangi pullar muomalaga chiqarildi

Yangi ko‘rinishdagi 100 va 50 ming so‘mlik banknotlar 5 kun kechikib muomalaga chiqarildi. Kun.uz yangi pullar birinchilardan bo‘lib yetib kelgan banklardan birida bo‘lib reportaj tayyorladi.

Bugun, 27 dekabr O‘zbekistonda yangi ko‘rinishdagi 50 va 100 ming so‘mlik banknotlar muomalaga chiqarildi.  

Avvalroq, yangi ko‘rinishdagi pullar joriy yilning 22 dekabridan muomalaga chiqarilishi ma’lum qilingandi.

Biroq, 17 dekabr kuni tarmoqlarda yangi ko‘rinishdagi 50 ming so‘mlik banknot dizaynida xatolik aniqlangani haqida xabar tarqaldi.

Aytilishicha, 50 000 so‘mlik banknot namunasining old tomonida «Al-Hakim at-Termiziy» maqbarasi tasviri tushirilgani, ammo maqbara nomi «Abu Iso at-Termiziy» deb yozilgan.

Markaziy bank holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berib, banknotlar muomalaga chiqarilishidan oldin uning namunasida aniqlangan texnik xatolik bartaraf etilishini hamda maqbaraning nomi to‘g‘ri qayd etilishini ma’lum qildi.

Yangi 50 ming so‘mlik banknotdagi maqbara nomi to‘g‘rilangan.

Shunday qilib, 2021 yilda O‘zbekistondagi deyarli barcha banknotlar dizayni yangilandi. Banknotlarni Buyuk ipak yo‘li mavzusi atrofida birlashtirish va zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash ishlari yakunlandi.

Ma’lumot uchun, bu bilan eski ko‘rinishdagi pullar muomaladan chiqarilmaydi. Eski pullar tabiiy yo‘l bilan sekin asta yangilariga almashtiriladi.

O‘zbekistonda faqatgina 1000 so‘mlik banknot yangilanmay qolmoqda. Markaziy bank avvalroq Kun.uz’ga 1000 so‘mlik borasida aniq ma’lumot yo‘qligini bildirgandi.

Mavzuga oid