Toshkentda ajiotaj: nega dam olish maskanlarida katta tirbandliklar yuzaga kelmoqda?
Dam olish kunlarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi dam olish maskanlari va parklarda uzun navbatlar, tirbandliklar yuzaga keldi. Toshkent dam olish va turizm uchun noqulay joyga aylanib bormoqda go‘yo.
O‘zi nima gap?
O‘zbekiston aholisining katta qismi yangi yil munosabati bilan ketma-ket 5 kun – 31 dekabrdan 4 yanvargacha dam oldi.
Dam olish kunlarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi dam olish maskanlariga tashrif buyuruvchilar soni keskin ortdi. Natijada yo‘llarda transport vositalari bilan bog‘liq tirbandliklar yuzaga kelgan bo‘lsa, Toshkent shahridagi ayrim parklar va ko‘ngilochar markazlarda odamlardan iborat tirbandlik ajiotaji kuzatildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Amirsoy tog‘-chang‘i kurortida kuzatilgan uzun navbatlar, Toshkent viloyatidagi tog‘ kurortlariga eltuvchi yo‘llardagi tirbandliklar va Toshkent shahridagi Magic city parkiga tumonat odam yig‘ilgani aks etgan.
Bu holatlar bir savolni o‘rtaga chiqarmoqda: Toshkentda dam olish maskanlari soni yetarlimi? Bayramlar pala-partishlik va tiqilinchlarda o‘tmasligi uchun nima qilish kerak?
Kun.uz ayni shu savollar bilan mutaxassislarga yuzlandi.
“Aholi yovvoyi tabiatga intilishi normal holat, lekin bizda balans buzilgan”
Arxitektor Taxmina Turdialiyeva:
— Toshkent aholisi o‘sib bormoqda, hozir aholini turar joy bilan ta’minlash masalasiga e’tibor qaratilyapti. Lekin turar joydan tashqari shaharda ko‘p infrastrukturalar bo‘lishi kerak. Asosiylaridan biri yovvoyi tabiat fragmentlari – sokin bog‘, o‘rmonchalar. Shunda tabiat qo‘yniga qochish balansga keladi.
Bizda hozir hamma parklar ko‘ngilochar parklarga aylantirilyapti. Sokin va yovvoyi parklardan faqat Botanika bog‘ini misol qilib keltirishim mumkin.
Keyin, shaharda hamma qulayliklar bo‘lgan taqdirda ham, aholi ba’zida shahardan chiqishga intiladi, bu tabiiy holat, shuning uchun shahar atrofida bo‘lishi kerak bo‘lgan infratuzilmalar bor. Misol uchun, shaharning yashil belbog‘i. Shu belbog‘ ichida har xil sokin maskanlar yaratilishi kerak. Bu belbog‘ning asosiy funksiyalaridan biri – shahar aholisini yovvoyi tabiat bilan ta’minlashdir.
Sokin bog‘lar hammasi o‘yin-kulgi bog‘lariga aylantirilishining sababi – pul keltirmasligi. O‘zini o‘zi ta’minlasin deb tadbirkorlik funksiyalari joylashtirilyapti.
Savol tug‘iladi, nimaga davlat jamoat bog‘larini ta’minlashga pul ajratmaydi?!
Aholi to‘layotgan soliqlarning bir qismi aynan qarovsiz bog‘larga sarflanishi kerak, deb hisoblayman. Agar sokin bog‘larni ta’minlashga pul ajratib boshlansa, shaharlarimizda yashash ancha yoqimliroq bo‘lar edi. Bu endi siyosat…
“Yo‘ldagi tirbandliklar avtoturargohlar yetishmasligi bilan bog‘liq”
Abdurasul Abduxalilov, “Turon travel” kompaniyasi asoschisi:
— Ilgari bizda turizm degan tushuncha shakllanmagan, xalqimiz dam olishga ko‘p ham qiziqish bildirmas edi. Prezident siyosatining bir bo‘lagi bu odamlarni yaxshi yashab, dam olishga o‘rgatish bo‘ldi. Bu ichki turizmning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Buning oqibatida biz millionlab turistlarni qabul qilishga tayyor emasligimizni ko‘rdik.
Masalan, 2021 yilning o‘zida ichki turizm statistikasi 6 million turist Bo‘stonliqqa dam olish uchun kelganini ko‘rsatdi. Besh yil oldin – 2016 yilda umumiy 1,5 million turist kelgan, bu 4 barobar o‘sish degani. Ichki turizmda chet ellik turistlarning soni bu davrda 100 mingdan 500 mingga oshdi. Kelajakda bundan katta sayyohlar oqimini qabul qilish masalasi yuzaga keladi.
Yo‘llarni rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan, yo‘llar Chorvoq tomondan kengaytirib kelinmoqda.
Tirbandliklar dam olish zonalarida avtoturargohlar yetarli emasligi, obektga nisbatan to‘g‘ri hisob-kitob qilinmagani bois yuzaga kelmoqda. Birinchi to‘xtash joyida yangi parklarning oldida qurilgan “parkovka”lar keluvchi mashinalar soniga nisbatan yetarli emas. Mashinalar yo‘l chetiga joylashtirilishi hisobidan tirbandliklar vujudga kelmoqda. Obektlar yonida mashinalar turar joyi uchun joylarni ko‘proq ajratish kerak, yoki obektlar rejasini tuzayotganda qavatli “parkovka”lar uchun joylarni to‘g‘ri taqsimlash kerak.
Kelgusida Bo‘stonliq tumanining o‘zida 50 dan ortiq yangi maskanlar: mehmonxona, davolanish sanatoriyalari, parklar quriladi, ularda ham shu masalaga e’tibor qaratish kerak.
Toshkent shahrida ham shu muammo: parklar va dam olish zonalarida avtoturargohlar talabga javob beradigan darajada qilinmagan. Butun dunyoda tirbandliklar shu muammo bilan bog‘liq. Anqara, Vashington, Putrajaya (Malayziya) kabi turizm poytaxtlarida birinchi navbatda avtoturargohlarning qurilgan binoga mutanosibligiga e’tibor qaratilgan.
“Tadbirkorlarga signal: talab hali to‘liq qondirilmagan”
Dilshod Odilov, Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi:
— Oxirgi yillarda mahalliy turizmga ham qiziqish avvalgidan ancha kuchayib bormoqda. Bunga pandemiya sharoiti ham qaysidir ma’noda turtki bo‘ldi, deyish mumkin. Ko‘plab davlatlarda dam olishga chiqib yurgan yurtdoshlar o‘sha davlatlarga chiqish imkoniyati bo‘lmayotgani sababli ham oilalari bilan mahalliy turistik maskanlarga ko‘proq boradigan bo‘lishmoqda.
Shu jumladan, Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Chimyon, Amirsoy kabi joylarga ham talab avvalgidan kuchaygan. Turist oqimining ko‘payishi tabiiy ravishda infratuzilmaning takomillashishiga ehtiyoj yaratmoqda. Toshkentdan chiqib ketish uchun Yangi O‘zbekiston bog‘i tarafdan yangi yo‘l tushib, birmuncha qulaylik bo‘ldi. Ammo yo‘lning oxirigacha bir xil oqimni ko‘tara olmasligi tirbandliklar keltirib chiqarayotgani ham haqiqat.
Amirsoydagi narxlarning o‘ta yuqoriligi ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu tadbirkorlarga o‘ziga xos signal vazifasini o‘tashi kerak. Demak, bunday dam olish joylariga ehtiyoj katta va talab hali yetarlicha qondirilmagan.
Tadbirkorlarga zamonaviy dam olish zonalari uchun yanada ko‘proq yerlar ajratib berilishi kerak, deb hisoblayman.
Ammo turistik mahsulot to‘liq jozibadorligini saqlab qolishi uchun faqatgina dam olish maskanining o‘zini muhtasham qilish yetarli emas. U joylarga olib boriladigan yo‘llar kengaytirilishi kerak.
Alternativ transport vositalari ham yo‘lga qo‘yilishi kerak. Komfortli, panoramik oynalarga ega poyezdlar chet ellarda juda ommabop transport vositalaridan hisoblanadi. Undan tashqari, vertolyot yo‘nalishini ham tashkillashtirish mumkin. Talablar osonlashtirilsa, bu yo‘nalishda tadbirkorlik qila oladigan tadbirkorlar yetarlicha topiladi.
Shu bilan birgalikda, dam olish zonalaridagi tozalik masalasiga ham e’tibor berish lozim. Masalan, Chimyon tog‘-chang‘i hududida axlat qutilari yetarli bo‘lmagani uchun fuqarolarga noqulaylik tug‘iladi. Chorvoq suv ombori plyajlarida ham shu holat.
Vaziyat taqozosi bilan kuchayib qolgan talabni yaxshi infratuzilma va yaxshi sharoit yaratish orqali ushlab qolinsa, bu yo‘nalishda yillar davomida ham mahalliy, ham chet ellik turistlarga xizmat ko‘rsatib borish mumkin.
“Odamlarga alternativlar taklif qilish lozim”
Abdurasul Abduxalilov:
— Bizda dam olish uchun o‘ziga xos alternativlar bor, bu – muzeylar. Butun dunyodagi ixtirochi shaxslar muzeylarni ko‘rmasdan yangilik yaratmagan. O‘zimizdagi bor muzeylarni takomillashtirish va yangi zamonaviy muzeylar tashkil qilish kerak. Parklarning yaxshi reklamasini tadbirkor qilyapti, lekin hukumat tashkil qilib qo‘ygan muzeylari targ‘ibotini to‘g‘ri qilish kerak. Muzeylarni ko‘rgan bolalar yaratuvchan bo‘ladi. Nafaqat turizm vazirligi, balki bunda madaniyat vazirligining ham o‘rni bo‘lishi kerak.
Dam olish kunlaridan foydalanib, ota-onalar bolalarini muzeylarga olib borsa, undagi instrumentlar tavsiflarini bolalariga tushuntirib beradi. Bizda faqatgina o‘yin-kulgi dam olish manbayi bo‘lib qolmoqda. Alternativ dam olish maskanlari targ‘ibotini kuchaytirish kerak.
Odamlar muzeylarni ko‘rmasa, bu xalqdan yaratuvchilar chiqmaydi. Allaqachon qo‘shnilarimizda ham zamonaviy muzeylar tashkil qilingan, bizda bu yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratilishi kerak. Eski muzeylardan ham ko‘p narsa olsa bo‘ladi. San’at muzeylari bor, nega bizda dam olish kunlari bolalarimizni san’at muzeyiga olib borish madaniyati shakllanmagan? Buni tadbirkor qilmaydi, chunki bundan unga pul kelmaydi. Buni davlat qilishi kerak.
Aholi va resurslar…
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahri aholisi 2016 yil yanvar oyida 2 million 393 ming nafarni tashkil qilgan. 2021 yil oxirida poytaxtda doimiy yashovchi aholi soni 2 million 840 ming kishiga yetib, ushbu davrda Toshkent aholisi qariyb 500 ming nafarga ko‘paygan. Biroq ko‘rinib turibdiki, poytaxtdagi dam olish maskanlari soni aholi o‘sishiga mutanosib emas.
Kun.uz O‘zbekistondagi dam olish maskanlari soni va oxirgi yillardagi o‘sish tendensiyalariga oid ma’lumotlarni so‘rab Statistika qo‘mitasiga murojaat qildi, qo‘mita bunday ma’lumot shakllantirilmaganini ma’lum qildi.
Mavjud vaziyat esa aholi soni va dam olish maskanlariga talab ortib borayotgan bir vaqtda Toshkent shahri va viloyatida bunday obektlarni ko‘paytirish, mavjudlarini takomillashtirishga zarurat borligini ko‘rsatmoqda.
Madina Ochilova tayyorladi.
Mavzuga oid
15:28
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024
Toshkentning ikkita ko‘chasida harakat 19 kunga cheklanadi
17:26 / 21.11.2024