Jamiyat | 16:45 / 06.01.2022
6485
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda oltin qazib olayotganda tuproq bosib qolganlarning murdasi 30 metr chuqurlikdan olib chiqilgani ma’lum bo‘ldi

Konimex tumani tarkibida oltin bo‘lgan rudani noqonuniy qazib olish jarayonida halok bo‘lgan 5 nafar shofirkonlik fuqaroning murdasi 10 kun tuproq ostida qolib ketgani ma’lum bo‘ldi. Ularning murdasi 30 metr chuqurlikdan topilgan.

Foto: Navoiy viloyati FVB

Navoiy viloyati prokuraturasining bayonotiga ko‘ra, hodisa 2021 yilning 23 dekabr kuni soat 23:30 larda sodir bo‘lgan. Shofirkon tumanida yashovchi A.T., U.A., O.Yo., Sh.I., T.M., Z.O., F.R., F.R. va G‘ijduvon tumanida yashovchi J.N. tilla qumini qazib olish maqsadida Konimex tumanining Karakata ovulida joylashgan “Lolazor” tashlandiq koniga borishgan. Taxminan 25-30 metr chuqurlikdagi kondan qum qazib olishayotgan vaqtida A.T., U.A., J.N., F.R va F.R.ni qum bosib qolib, voqea joyida vafot etishgan.

“Shu kunning o‘zida maxsus texnika vositalari va qo‘l kuchi yordamida murdalarni tuproq ostidan olib chiqish ishlari boshlab yuborilgan. Joriy yilning 3 yanvar kuni 30 metr chuqurlikdan ularning murdalari topilgan. Holat yuzasidan Konimex tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi prokuratura bayonotida.

FVVning xabar berishicha, tuproq ostida qolganlarni izlab topish uchun 5 ta texnika va 63 nafar xodim jalb qilingan. Fuqarolarning jasadi sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Zarafshon shahar tibbiyot birlashmasiga yuborilgan.

Mavzuga oid