O‘zbekiston | 08:41 / 10.01.2022
1966
3 daqiqa o‘qiladi

Geologiya universitetida ta’lim jarayonining 70 foizi ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarga ajratiladi

Foto: Bucknell

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimidagi Geologiya fanlari universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimidagi Geologiya fanlari universiteti geologiya sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta’minlovchi ilmiy klaster etib belgilanadi hamda universitet malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublikaning tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, universitetdagi ta’lim jarayonining 70 foizi ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarga ajratiladi.

Universitetning ixtisoslashgan kafedralari talabalari amaliyotlarini o‘tash jarayonlari zarur shart-sharoitlar yaratilgan holda, ularga biriktirilgan tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari, yirik geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari va sanoat korxonalari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Prezidentning “Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan berilgan imtiyozlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy laboratoriya-texnologik uskunalar va inventarlarni olib kirishni tatbiq etgan holda 2023 yil 1 iyunga qadar uzaytiriladi.

2022-2023 yillarda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqot ishlari “O‘zbekneftgaz” AJ va Geologiya fanlari universitetining Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri tuziladigan hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda o‘rnatilgan tartibda kompleks ekspertizadan o‘tkaziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

Davlat geologiya qo‘mitasi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi universitetni 2022-2026 yillarda rivojlantirish dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishini qat’iy nazoratga oladi va samarali monitoringini yo‘lga qo‘yadi.

2022 yildan boshlab universitetning professor-o‘qituvchilarining tizimli ravishda nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida zamonaviy ta’lim usullari asosida malakasini oshirish choralari ko‘riladi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Rossiya va boshqa yaqin xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari va yetakchi geologiya-qidiruv kompaniyalarida universitet talabalarining ishlab-chiqarish amaliyotlarini o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab universitet faoliyatida bosqichma-bosqich “Raqamli Universitet” tizimi joriy etiladi.

2022 yil 1 sentyabrga qadar universitetda ilmiy-texnik jurnal chop etish yo‘lga qo‘yiladi va uning bosqichma-bosqich xalqaro miqyosda e’tirof etilishi ta’minlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid