Jahon | 22:39 / 12.01.2022
14161
8 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Qishda Yevropaning yarmi omikronga chalinadi, Rossiya kuchli to‘lqinga tayyorlanmoqda

JSST koronavirusning omikron varianti Yevropa aholisining yarmini zararlashidan ogohlantirdi. Qolaversa, tashkilot ekspertlarining fikricha, omikronga har yili aholining katta qismi kasallanadigan mavsumiy gripp kabi yondashishga hali erta.

Foto: Getty Images

AQShda kunlik holatlar bo‘yicha yangi rekordlar qayd etilmoqda, Xitoyda yana bir shahar karantinga yopildi, rekord darajada kasallanish holatlari qayd etilayotgan yana bir mamlakat Shvetsiyada yangi cheklovlar joriy etilmoqda.

Xitoyda yangi o‘choqlar
Xitoyning rasmiy axborot agentligi «Sinxua»ning yozishicha, Xenan provinsiyasidagi Anyan shahrida mahalliy hukumat fuqarolarga kechqurun uydan chiqish va mashinada harakatlanishni taqiqladi. Shahar aholisi soni besh milliondan oshadi.

Xitoy birinchi to‘lqindan buyon chegaralarni yopish hamda ommaviy test olishni o‘z ichiga olgan qat’iy lokdaunlar evaziga kasallik keng avj olishining oldini olishga muvaffaq bo‘lib kelmoqda, ammo so‘nggi vaqtlarda ayrim yirik shaharlarda epidemiyaning yangi o‘choqlari paydo bo‘lishi kuzatildi - bu Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga bir necha hafta qolganida ro‘y bermoqda.

O‘tgan haftada Xenan provinsiyasidagi boshqa bir shahar Yuychjouning bir million aholisiga uyda qolish buyurilgandi. 13 million kishi yashaydigan Sian shahri esa uchinchi haftadirki karantinda qolmoqda.

Seshanba kuni Xitoy 110ta yangi kasallanish holati haqida xabar berdi. Pandemiyaning yirik o‘choqlari, masalan, AQSh bilan taqqoslansa, bu ko‘p emas, ammo qishki Olimpiada arafasida hukumat qattiq tashvishlanmoqda.

Dunyodagi eng qat’iy karantin cheklovlari amal qilayotgan Hongkongda esa omikron munosabati bilan choralar yanada kuchaytirildi, fevral oyigacha bolalar bog‘chalari va boshlang‘ich maktablar yopildi.

AQSh kovid rekordlarini yangilamoqda
Dushanba kuni Qo‘shma Shtatlar 1,35 mln yangi kasallanish holati haqida xabar berdi. Bu kunlik o‘sish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Avvalgi rekord - 1,03 mln holat - 3 yanvar kuni qayd etilgandi. Har dushanbada statistika ayniqsa qo‘rqinchli ko‘rinish olmoqda, chunki ko‘plab shtatlar dam olish kunlarida hisobotlarni e’lon qilmaydi. Mamlakatda ikki hafta ichida haftalik ko‘rsatkichlar uch barobar ko‘paygan.

Kovid tufayli shifoxonaga yotqizilgan bemorlar soni ham rekord darajada ko‘tarilib, uch haftada ikki barobar ko‘paygan. Dushanba kuni 136 mingdan ortiq kishi shifoxonalarga yotqizilgan, bu borada undan avvalgi ko‘rsatkich o‘tgan yil yanvarida qayd etilgandi - 132 ming kishi.

Omikron bilan kasallanish ko‘p hollarda yengil kechayotgan bo‘lsa-da, sog‘liqni saqlash sohasi vakillari ro‘y berayotgan o‘sish holatlari shifoxonalarga yuklamani oshirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda - ko‘plab tibbiyot muassasalar bemorlar oqimi ortishi va xodimlar yetishmovchiligi tufayli rejalashtirilgan jarrohlik amaliyotlarini qoldirishga majbur bo‘lgan.

Omikron avj olishi maktablar faoliyatiga ham zarba berdi - ta’lim muassasalarida ham xodimlar yetishmayapti - o‘qituvchilardan tortib maktab avtobusi haydovchilarigacha kasal. Chikagodagi maktablar qariyb bir haftadan buyon ishlamayapti.

Nyu-Yorkda xodimlarning ko‘pchiligi kasallangani tufayli metroning uch liniyasi faoliyati to‘xtatilgan.

Pfizer kompaniyasi bosh direktori Albert Burla omikronga qarshi alohida vaksina ishlab chiqish zarurligini aytdi va kompaniya martgacha vaksinani taqdim etishini bildirdi.

«Tayyorlanish uchun bir necha hafta bor»

RF prezidenti Vladimir Putin hukumat yig‘ilishida Rossiya koronavirusning navbatdagi to‘lqini arafasida turganini aytib o‘tdi.

«Ko‘rinib turibdiki, biz bugungi kunda juda murakkab vaziyatda turibmiz, yangi epidemiya avj lishi mumkin bo‘lgan vaziyatda. Qolaversa, bayramlar katta bo‘ldi, bu vaqtda odamlar o‘rtasidagi muloqot intensiv edi. Bu mamlakatdagi epidemiologik vaziyatda aks etmay qolmaydi», deya uning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada kasallik o‘sishiga tayyorlanish uchun bir necha hafta bor.

«Turli muassasalarni safarbar qilishimiz kerak: ham federal, ham regional, ham tarmoqlarni. Barcha bilan ishlashimiz va ushbu virusning yangi to‘lqindagi ehtimoliy zarbalariga tayyor turishmiz kerak», — dedi u.

Putin COVID-19ga qarshi emlash sur’atlarini oshirish zarurligiga e’tibor qaratib, bosh vazir Mixail Mishustinga «yaqin vaqt ichida bu masalani mamlakat regionlari bilan muhokama qilish»ni topshiriq qilgan.

«Sputnik V — koronavirusga qarshi kurashda, ehtimol butun dunyoda qo‘llanayotgan boshqa vaksinalardan ham ko‘ra samaraliroq bo‘lishi mumkin», deya qo‘shimcha qilgan Putin.

Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova hukumat hafta oxirigacha kasallanish o‘sishiga qarshi o‘z vaqtida javob qaytarish va tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beruvchi qo‘shimcha chora-tadbirlarni taqdim etishini ma’lum qilgan.

Golikovaning so‘zlariga ko‘ra, 12 yanvar kuni RF hududida omikron bilan bog‘liq 698 holat qayd etilgan, shundan ko‘pchiligi Moskva regioniga to‘g‘ri keladi.

«Omikron keltirib chiqaradigan navbatdagi epidemiya avj olishidan qochib qutula olmaymiz. Uning ilk zarbasini poytaxt hududi qabul qiladi», degan u.

11 yanvar kuni Moskva meri Sergey Sobyanin 7-10 ichida shaharda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar sezilarli darajada o‘sishini, shaharda qo‘shimcha koykalar ochilayotganini ma’lum qildi. Operativ shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 12 yanvar holatiga Rossiyada yana 17 946 holat qayd etilgan, shundan 4008 holat Moskvaga to‘g‘ri keladi.

Foto: Zuma/TASS

Dehlida yana masofadan ishlash rejimi
Hindiston poytaxtida omikron varianti tarqalishiga qarshi kurash faollashmoqda. Shahar rasmiylari barcha xususiy kompaniyalar ofislariga xodimlarni masofadan ishlash rejimiga o‘tkazish bo‘yicha tavsiya bergan. Dorixona va telekommunikatsiya kabi favqulodda xizmatlar uchungina istisno qilingan.

Shahar rahbari Arvind Kedjrival uyida ihotalanadigan odamlar uchun yoga bo‘yicha onlayn-mashg‘ulotlar tashkillashtirishni taklif qilib, bu immunitetni oshirishga ko‘maklashishini qayd etgan.

Hindistonda kovid bilan zararlanish holatlari seshanba kuni 170 mingga yetdi - bu bir oy oldingidan 20 barobar ko‘proq. Ammo shifoxonaga yotqizilganlar soni epidemiyaning avvalgi to‘lqinlaridagiga qaraganda kamroq.

Yevropa aholisining yarmi ikki oy ichida omikronga chalinadi
JSSTning Yevropa bo‘yicha direktori Hans Klyuge tashkilot prognozlariga ko‘ra, keyingi olti-sakkiz haftalikda Yevropa aholisining yarmi omikron varianti bilan kasallanadi.

2022 yilning dastlabki haftasida Yevropada 7 milliondan ortiq yangi kasallanish holati qayd etilgan - bu ikki hafta ichida ko‘rsatkichlar ikki barobar oshganini ko‘rsatadi.

Fransiyada dushanba kuni 23 ming kishi shifoxonaga yotqizilgan. Bu 2021 yil aprelidan buyon eng jiddiy o‘sishdir.

Polsha sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus qurbonlari soni 100 mingdan oshganini ma’lum qilgan.

Ispaniya hukumati esa koronavirusni aniqlovchi antigen testlar uchun chakana narxlarni cheklash qoidalarini ishlab chiqmoqda - dekabrda ko‘plab dorixonalar testlar yetishmovchiligidan shikoyat qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid