O‘zbekiston | 15:18 / 13.01.2022
5390
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportini tikladi

Afg‘oniston milliy elektr kompaniyasining ogohlantirishicha, ta’minot tiklanganiga qaramay, mamlakat «taqchillik va ortiqcha yuklangan tarmoqlar tufayli uzilishlarga duch kelishi mumkin».

Foto: Unsplash

Afg‘oniston milliy elektr kompaniyasi (DABS) payshanba kuni O‘zbekistondan elektr energiyasi yetkazib berish normal holatga qaytganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya saytidagi xabarnomada aytilgan.
 
«Tonggi 7:00 dan boshlab O‘zbekistondan elektr energiyasi importi normal holatga qaytdi», — deyiladi DABS xabarida. Kompaniya chorshanba kuni O‘zbekiston tomoni «oldindan ogohlantirmasdan Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportini 60 foizga qisqartirganini» eslatdi. Bunga «Tolimarjon» elektr stansiyasidagi texnik nosozliklar sabab bo‘lgan. 

Biroq, DABS ta’minot qayta tiklanganiga qaramay, mamlakat «taqchillik va haddan tashqari yuklangan tarmoqlar tufayli uzilishlarga duch kelishi mumkin»ligi haqida ogohlantiradi. 

Afg‘oniston elektr energiyasining katta qismini Markaziy Osiyo davlatlaridan, xususan, O‘zbekiston va Tojikistondan sotib oladi. Importga qaramlik va ta’minotdagi uzilishlar tufayli mamlakatda muntazam ravishda iste’molning eng yuqori mavsumida elektr ta’minotida uzilishlar sodir bo‘ladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid