O‘zbekiston | 00:27 / 16.01.2022
21810
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimligi kesilgan daraxtlar “o‘z joyida turgani”ni aytib bayonot berdi

Kun.uz yoritgan holatda shifoxona hovlisidagi o‘ndan ortiq daraxt kesilmagan, o‘z joyida turibdi, deya iddao qildi Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati (keyinroq rasmiy munosabatning bu qismi o‘chirildi). Ekologiya qo‘mitasi voqeani tunda sodir etilgan mudhish huquqbuzarlik deb atadi.

Foto: Kun.uz

Andijon viloyati hokimligi viloyat perinatal markazi hovlisida o‘ndan ortiq daraxt kesib tashlanganiga munosabat bildirdi.

Hokimlik shifoxona hududida “keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari” ketayotgani, hududga 180 dan ortiq manzarali daraxt va ko‘chatlar ekilayotganini qayd etgan.

“Hududdagi daraxtlar o‘z joyida turganligi hamda hech kim uni kesib tashlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini bermaganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi rasmiy izohda. Ayni paytda bu abzatsdan daraxtlar go‘yoki o‘z joyida turgani haqidagi qismi o‘chirilgan.

Hokimlik holat alohida nazoratga olingani, “qonun buzilish holatlari aniqlangan taqdirda aybdorlarga qonuniy jazo choralari ko‘rilishi”ni qo‘shimcha qilgan.

Voqea tafsilotlari

Kun.uz muxbiri voqea joyidan xabar berganidek, Andijon viloyati perinatal markazi hududidagi 12 tup ninabargli sosna daraxtlari 16 yanvarga o‘tar kechasi kesib tashlangan. Markaz xodimlaridan biri Kun.uz bilan suhbatda daraxtlarni kesish viloyat hokimining topshirig‘i ekanini aytdi.

Shifoxona xodimining aytishicha, 15 yanvar kuni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat perinatal markaziga kelgan va markazning qurilayotgan yangi binosi bilan tanishgan. Shundan so‘ng, manbaga ko‘ra, markaz oldini ochish uchun daraxtlarni kesish bo‘yicha topshiriq bergan.

Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari topshiriqni shu kunning o‘zida bajardi. Daraxt kesish ishlari, oxirgi paytlarda odatga aylanib borayotgan bir holda, ya’ni kechasi amalga oshirildi.

Daraxtlarni kesib, perinatal markazi hovlisidan olib chiqib ketayotgan obodonlashtirish bo‘limi yuk mashinasining davlat raqamlari yo‘q edi. Bo‘lim xodimlari Kun.uz muxbirining savoliga javoban avtomashina yangi ekani, hali davlat raqami olishga ulgurishmaganini aytishdi. Ammo mashina yangiga o‘xshamasdi.

Kesilgan daraxtlarda kasallanish alomatlari ko‘zga tashlanmaydi. Ular 4 metrdan sarjin qilinib kesib taxlangan. Kun.uz muxbiriga o‘zini Akbar deb tanishtirgan obodonlashtirish bo‘limi xodimi savollarga javob bermasdan, u yerdan ketib qoldi.

Ekologiya qo‘mitasi munosabati

Ekologiya qo‘mitasi bergan izohga ko‘ra, mazkur hududdagi daraxtlarni kesish uchun ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

“Mazkur qurilish obekti Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan bo‘lib, tashkilot rahbariyati tomonidan uning hududidagi daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilingan. Lekin ushbu murojaat natijasini kutmasdan qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan bugun tunda ushbu mudhish huquqbuzarlik holati sodir etilgan.

Hozirda surishtiruv ishlari davom etmoqda. Mazkur qonunbuzarlik holati natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berib boriladi”, – deyiladi organ bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan, O‘zbekiston hududida daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan, tartibni buzganlik uchun jarimalar 5 barobarga oshirilgan, yetkazilgan zarar 2 barobar qilib undirilishi belgilangan edi. Farmonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natganlarga pul to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid