O‘zbekiston | 19:31 / 20.01.2022
10257
2 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik OTMlarda o‘qish onlayn shaklga o‘tishi haqidagi asossiz xabar tarqatmaslikka chaqirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida qishki ta’tildan keyingi o‘qish onlayn shaklda bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Oliy ta’lim vazirligi holatga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, belgilangan tartibga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yuzasidan Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qiladi hamda barcha idora va tashkilotlar, shu jumladan, oliy ta’lim muassasalari ham mazkur qaror asosida ish yuritadi. Bu borada Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qilgan taqdirda vazirlik rasmiy manbalari orqali qo‘shimcha ma’lum qilinadi.

«Shu sababli barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan asoslanmagan xabarlar tarqatmasliklarini, jamoatchilikdan esa faqat rasmiy manbalar orqali e’lon qilinadigan xabarlarga ishonishlarini so‘rab qolardik», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til 25 dekabrdan boshlangandi. Ta’til 2022 yilning 10 yanvarigacha davom etishi va dars jarayonlari 11 yanvardan boshlanishi belgilangandi. Keyinroq oliy ta’lim muassasalarining talabalari, akademik litsey va hunar maktablari o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 24 yanvargacha uzaytirildi. 

Mavzuga oid