Darslar onlayn bo‘lsa, o‘qituvchilar uyda ishlashi mumkinmi?
Kun.uz o‘qituvchilarni qiziqtirayotgan savol bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan bog‘landi.
Maktab va OTMlarda o‘qish 24 yanvardan boshlab 1 oy muddatda onlayn shaklda davom etishi ma’lum qilindi. O‘qituvchilar bu muddat davomida ularga ham masofaviy ishlash imkoni berilishi yoki yo‘qligi haqida qiziqishmoqda. Kun.uz bu savolga javob olish uchun Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan bog‘landi.
Xalq ta’limi vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, o‘qituvchilar maktabda doimiy faoliyatini davom ettiradilar. Maktabda kasallanish holatlari yuzaga kelganda o‘qituvchilarning sog‘ligini himoyalash, koronavirusning yangi shtammi keng tarqalishining oldini olish maqsadida pedagoglarning masofadan ishlashi uchun imkoniyat beriladi.
“Ta’lim onlayn shaklda bo‘lgan 1 oy muddatda "Onlayn maktab" loyihasi doirasida beriladigan darslar jadvali kunlik ravishda "Onlayn maktab" Telegram-kanali orqali e’lon qilib boriladi.
O‘qituvchilar mazkur kundalik jadval asosida dars berayotgan fanlari bo‘yicha o‘quvchilar o‘zlashtirishini, uyga vazifalar bajarilishini hamda o‘quvchilar bilimini sinf jurnaliga (elektron kundalik tizimi joriy etilgan maktablarda Kundalik.com tizimiga) baholab borishni ta’minlab borishlari hamda zaruriyatga ko‘ra "Onlayn maktab" loyihasi doirasida o‘tilgan mavzularni o‘quvchilarga qo‘shimcha tushuntirib borishlari lozim. Maktab rahbarlari ta’lim muassasasida o‘qituvchilar faoliyatini amalga oshirishi uchun yetarli sharoitlar yaratib, AKT xonalarida uzluksiz Internet ishlashini ta’minlab berishi kerak”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xodimi Zafarshoh Amirqulovning qayd etishicha, OTM o‘qituvchilarining qanday tartibda ishlashini ta’lim muassasalari ichki tartibda hal qiladi.
“Maxsus komissiya qarorida, e’tibor berilsa, talabalar va o‘quvchilar uchun onlayn ta’lim joriy etilayotgani haqida aytilgan. O‘qituvchilarning onlayn ta’limda ishlashi haqida hech gap yo‘q. O‘qituvchilarning masofaviy tarzda yoki OTMga kelib ishlashini belgilash – har bir muassasaning ichki ishi. Lekin umumiy tartibda sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilingan holda ish tashkil etilaveradi. Qaysidir xodimning biror sabab bilan onlayn ishlashga o‘tkazilishi haqidagi qaror OTM rahbari tomonidan qabul qilinadi. Bu – individual yondashiladigan jarayon”, deya ma’lumot berdi Zafarshoh Amirqulov.
Mavzuga oid
15:21 / 24.07.2023
Maktab o‘qituvchilariga 7,8 mlrd so‘mlik ta’til pullari undirib berildi
07:31 / 14.07.2023
Yangi ishga kirayotgan xorijiy til o‘qituvchilariga B2 darajadagi sertifikat majburiy bo‘ladi
18:39 / 27.06.2023
O‘qituvchilarning ta’tili 56 kun etib belgilandi
20:40 / 22.06.2023