O‘zbekiston | 14:12 / 26.01.2022
37629
2 daqiqa o‘qiladi

Keng ko‘lamli avariya oldini olish uchun barcha generatorlarni o‘chirishga to‘g‘ri keldi - vazirlik

Ayni paytgacha O‘zbekistonning 75 foiz qismida elektr ta’minoti tiklangan. Bu haqda Xalqaro press-klub sessiyasida Energetika vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdumalik Nazirov ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

«Blekaut 25 yanvar kuni 10:57 da Sirdaryo IESda nosozliklar yuzaga kelishi bilan boshlandi. Buning oqibatida esa 1600 Megavatt quvvat yo‘qotildi. Natijada yuzaga kelgan nosozlikni to‘xtatish va zararning oqibatlarini kamaytirish uchun boshqa generatorlarning ishlashi ham to‘xtatildi. Bunda keng ko‘lamli avariya holatining oldini olish maqsadi ko‘zlangandi. Sababi tizimlar bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan.

Shundan so‘ng, elektr ta’minotini tiklash ishlari doirasida birinchi navbatda Chorvoq GES faoliyati tiklandi.

O‘z navbatida qo‘shni davlatlar tomonidan ham yordam ko‘rsatildi. Turkmaniston ko‘magi bilan Buxoro va Qashqadaryo, Qirg‘iziston ko‘magi bilan esa vodiy viloyatlarida «svet» ta’minoti tiklandi.

Hozirgina berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yana 2ta stansiya ishlashni boshlagan va respublika hududining 75 foiz qismida elektr ta’minoti tiklangan. Gaz konlari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi. Bu juda muhim omil, sababi elektr toki ishlab chiqarish gaz bilan uzviy bog‘liq», dedi u.

Mavzuga oid