O‘zbekiston | 07:54 / 26.01.2022
6525
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi xonadonlardagi ortiqcha elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni so‘radi

Umumtizimda kuzatilgan yirik nosozliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilib, respublikaning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatish boshlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Foto: Shutterstock

Qayd etilishicha, yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.

“Shu sababli issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, hozirgi vaqtda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqib respublikaning ayrim hududlarida navbatma-navbat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Energotizimda kuzatilgan nosozliklar sababli yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.

“Energetiklar tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va hozirgi sharoitdan kelib chiqib, sizdan energiya qurilmalaridan oqilona foydalanishingizni va xonadoningizda ortiqcha elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni so‘raymiz. Bu sa’y-harakatlar ko‘proq iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlashga yordam beradi”, deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid