Jamiyat | 21:48 / 26.01.2022
17417
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda nechta qamoqxona borligi va unda qancha mahbus saqlanayotgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda jazoni ijro etish muassasalaridan birorta ham mahkum qochmagan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga tayanib, O‘zA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda O‘zbekistonda 54 ta jazoni ijro etish koloniyasi mavjud bo‘lsa, shundan 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil koloniya va 11 tasi tergov hibsxonalari hisoblanadi. O‘sha 18 ta yopiq turdagi koloniyaga ruxsatsiz kirish ham, chiqish ham mumkin emas va ular qat’iy qo‘riqlanadi. «Ularni tom ma’nodagi qamoq deb atash mumkin va bu muassasalardan hech kim qochmagan», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda jazoni ijro etish tizimida 29 mingdan ortiq, shundan 7 mingdan ortig‘i manzil koloniyada, 22 mingdan ortiq mahkumlar boshqa turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tamoqda.

Jinoyat ijroiya kodeksiga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalari jumlasiga jazoni ijro etish koloniyalari, shu jumladan, davolash huquqi asosidagi koloniyalar, tarbiya koloniyalari, turmalar, mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar kiradi.

Tergov hibsxonalari ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va xo‘jalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun qoldirilgan shaxslarga nisbatan jazoni ijro etish muassasalari vazifasini bajaradi. O‘z navbatida jazoni ijro etish koloniyalari manzil-koloniyalarga, umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalarga bo‘linadi hamda voyaga yetgan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan.

Tarbiya koloniyalari esa voyaga yetmagan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan.

Mavzuga oid