Jahon | 15:31 / 27.01.2022
11994
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina IIV tinch aholi uchun ommaviy mashg‘ulotlar o‘tkazadi

Sanoat ishchilari ko‘cha mashg‘ulotlarini kuzatmoqda / REUTERS/Roman Baluk

Ukraina ichki ishlar vazirligi favqulodda vaziyatga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tinch aholi uchun ommaviy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu haqda idora saytida ma’lum qilingan.

Mashg‘ulotlar mamlakatning turli hududlarida tashkillashtiriladi (aynan qayerlarda ekaniga aniqlik kiritilmagan).

Mashg‘ulotlarga Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati, Milliy politsiya, Milliy gvardiya va Ukraina davlat chegarasi xizmati instruktorlari jalb etilgan. Ukraina IIV rahbari Denis Monastirskiyning ma’lum qilishicha, ularning barchasi xorijda ta’lim olib qaytgan — Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada va boshqa mamlakatlarda.

«Asosiy e’tibor [mashg‘ulotlar vaqtida] xavfli portlovchi moddalar bilan ishlash masalasiga qaratiladi», — degan vazir. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar chog‘ida aholi punktlarida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash tizimlari faoliyati tekshiriladi, jumladan ogohlantirish, evakuatsiya va himoya inshootlaridan foydalanish tartibi.

Ukraina IIV mashg‘ulotlar qachon boshlanishi va qancha vaqt davom etishi, unda qancha aholi qatnashishini ma’lum qilmagan.

  • 24 yanvar kuni Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi bosh kotibi Aleksey Danilov Rossiya hujumi ro‘y bergan taqdirda, ukrainlar ogohlantirish tizimi orqali xabardor qilinishi haqida aytgandi. Shu bilan birga, u Rossiyaning Ukrainaga «keng ko‘lamli hujumi» ro‘y berishi haqiqatdan yiroq ekanini qo‘shimcha qilgandi.
  • So‘nggi haftada Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ehtimoliy bosqin yuzasidan ikki bor xalqqa murojaat qildi. U ukrainlarni vahimaga tushmaslikka, «bank hisoblaridan pullarni yechib olmaslik, narsalarni yig‘ishtirmaslik, yaqinlarga  feyklar va dahshatli ssenariylar asosidagi to‘qimalar jo‘natmaslik»ka chaqirgandi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid