O‘zbekiston | 15:20 / 28.01.2022
13533
3 daqiqa o‘qiladi

Urush qatnashchisi 97 yoshli otaxon: «Nevara-chevaralarim ko‘pligidan ismlarini ham bilmayman»

Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan Tursunbek ota Isanbekov Farg‘ona tumani Xonqiz qishlog‘ida yashaydi. U 1925 yilda tug‘ilgan. Urushga jo‘nab ketishdan avval ko‘pchilik qatori kolxozda ishlagan.

U 1944 yilda 19 yoshida urushga jo‘nab ketgan. Uning safdoshlari hammasi ham urushdan qaytmagan.

«Urush haqida gapiradigan bo‘lsak, Polsha, Ukraina, Belorusiya hammasi o‘zimizda edi. 16 ta respublika edi. U paytda texnikalar yo‘q, mashina yo‘q piyoda askar bo‘lib xizmat qilganman.

U paytlarda «falonchining o‘g‘li armiyaga ketyapti», deb non tishlatib qolishardi. Front degani bo‘lib o‘tdi, endi Xudo xohlasa bo‘lmaydiyam, u kunlar qaytib kelmasin. Yoshlar salomat bo‘lsin, shunday qora kunlarni ko‘rmasin», — deydi sobiq jangchi.

Tursunbek ota Chexoslavakiya, Vengriyadagi janglarda qatnashib, Berlingacha borgan. Undan so‘ng ikkinchi jahon urushi yakunlangunga qadar sovet-yapon urushida ham qatnashgan.

«Amerika ham Rossiyaga yordam bergan u vaqtlarda. Berlinni yarmini Amerika olgan, yarmi bizda qolgan. Urush tugagach, 15 kundan keyin Yaponiya urushiga olib ketishgan.

1950 yil 1 sentyabrda urushdan qaytib kelganmiz. 1951 yil 17 sentyabrda uylanganman. 8 nafar farzand ko‘rganmiz, 5 o‘g‘il, 3 qiz. Nevaralarim ko‘pligidan ularning ismlarini ham bilmayman», – deydi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, doimo izzat-ikromda bo‘lgan Tursunbek ota Isanbekov.

Piru badavlat otaning turmush o‘rtog‘i Habibaxon aya 87 yoshni qarshi olgan. Onaxon ham Tursunbek otadek hamon tetik. Habibaxon aya ham o‘tmish xotiralarini so‘zlab berdi:

«Turmush o‘rtog‘im uylanmoqchi bo‘lib Vodil qishlog‘iga aravada borib ko‘rib kelgan. Keyin oila qurdik. Bola-chaqali bo‘ldik. Bolalarimizning umrini bersin. Barchasi voyaga yetdi. O‘tmishda ko‘p qiyinchiliklar boshimizdan o‘tgan. Aksariyat odamlar dalada ishlardi. Kechalari dalalarda yotib qolar edik. Uyda zog‘ora nonlar yopib, dalada esa atala tayyorlab yer edik. Yosh bolamizni ko‘tarib olib tong sahardan dalaga qarab ketardik», – deya o‘tmishning zahmatli kunlarini eslaydi Habibaxon aya.

Tursunbek ota va Habibaxon aya hozir 21 nevara, 52 chevara, 6 evaraning sevimli bobosi va buvisi. Tirik tarix timsoliga aylangan, asr bilan yuzlashayotgan ota duoga qo‘l ochar ekan, urush kulfati bashariyat boshiga qaytib tushmasligini astoydil so‘rab qoldi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid