O‘zbekiston | 16:46 / 02.02.2022
4626
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 460ta maktabda oliy toifali o‘qituvchi yo‘q, 335 nafar o‘qituvchiga ehtiyoj bor – Ta’lim inspeksiyasi

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Qashqadaryo viloyatidagi OTMlar, maktablardagi ta’lim sifatini o‘rganmoqda.

Foto: Kun.uz

Ta’lim inspeksiyasining Kun.uz’ga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda inspeksiya rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qashqadaryo viloyatida bo‘lib turibdi.

Qashqadaryo viloyatida 1 217 ta maktab mavjud bo‘lib, ushbu maktablardagi 638 900 nafar o‘quvchiga 57 146 nafar o‘qituvchi ta’lim beradi.

O‘qituvchilarning 2 098 nafari oliy, 6 864 nafari birinchi, 13 259 nafari ikkinchi toifali va 23 290 nafari toifasiz mutaxassislar hisoblanadi. Pedagoglarning 11 635 nafari esa o‘rta-maxsus ma’lumotli.

Oxirgi 2 yilda o‘qituvchilarga navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tib toifasini oshirib olish imkoniyati berilgani sabab Qashqadaryo viloyatdagi oliy toifali o‘qituvchilar soni 2,7 foizdan 3,7 foizga, birinchi toifali o‘qituvchilar soni esa 9,6 foizdan 12 foizga oshgan.

Lekin Qashqadaryo viloyatida ta’lim sohasidagi o‘sish boshqa viloyatlar bilan solishtirganda orqada. Ta’lim inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev buni mas’ul rahbarlar ishtirokidagi yig‘ilishda qayd etdi.

“Buxoro, Sirdaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlarida bo‘lib, o‘qituvchilar malakasi bo‘yicha natijalarni tahlil qilganimizda so‘nggi ikki yilda ikki barobargacha o‘sish ko‘rsatkichi qayd etilganiga guvoh bo‘ldik. Qashqadaryoda ham o‘sish ko‘rsatkichlariga ko‘z yumish adolatdan bo‘lmas. Ammo boshqa viloyatlarga qaraganda, raqamlar dinamikasi  ancha sust. Viloyatdagi 460 ta maktabda birorta ham oliy toifali o‘qituvchilar mavjud emas. 92 ta maktabda esa oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar faoliyat yuritmaydi. O‘qituvchilarga sifatli metodik yordam berish zarur”, deya qayd etdi Toshkenboyev.

Viloyat maktablarida jami 335 nafar o‘qituvchiga ehtiyoj bor. O‘qituvchilarga ehtiyoj Chiroqchida 118 nafar, Yakkabog‘da 41 nafar, Shahrisabzda 28 nafar, Kitobda 16 nafar, Muborakda 11 nafarni tashkil qiladi.

Asosan, rus tili va adabiyoti, ona tili va adabiyoti, tasviriy san’at, informatika, kimyo-biologiya fani o‘qituvchilariga ehtiyoj yuqori.

Bundan tashqari, viloyatdagi 166 ta maktablar fizika, kimyo-biologiya laboratoriya jihozlari bilan to‘liq ta’minlanmagan, 71 ta maktablarda zamonaviy kompyuter texnikalari yetishmaydi, 35 ta maktablarga keltirilgan internet tarmoqlari ishchi holatda emas.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid