Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda tarixiy obektlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Madaniy meros obektlariga zarar yetkazganlik uchun 5-7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Senatning 23-yalpi majlisida Qonun ma’qullandi.
Senatning 23-yalpi majlisida Moddiy-madaniy meros obektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Unda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev o‘rganishlar natijalarida moddiy-madaniy obektlarga yetkazilgan zarar haqida ma’lumot berdi.
“Uch yilda qo‘mita tomonidan Buxoro, Qashqadaryo va Toshkentda olib borilgan o‘rganishlar davomida moddiy-madaniy meroslarga juda katta miqdorda zarar yetkazish holatlari aniqlandi. Davlat muhofazasiga olingan ayrim arxeologik obektlar yo‘q bo‘lib ketdi. Mamlakatimizda 8210ta moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulki davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, shundan 4788tasi arxeologiya, 2665tasi arxitektura, 625tasi monumental san’at asarlari, 530tasi diqqatga sazovor joylar. Afsuski, ayrim hollarda davlat budjeti mablag‘lari hisobiga madaniy meros obektlarida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari buyurtmachi pudratchi, loyihachi, ekspertiza tashkilotlari tomonidan obektlarni restavratsiya qilish ishlariga zid ravishda olib borilib ularning tarixiy qiymatiga juda ko‘p zarar yetkazilmoqda.
Masalan, Buxoro shahridagi Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida olib borilgan restavratsiya ishlari o‘rganilganda majmuada ishlar noto‘g‘ri olib borilgani aniqlandi, buning oqibatida badiiy bezaklar, naqshlar, koshinlar, nobud qilinib tarixiy va madaniy qiymatiga jami 28 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan”, — dedi senator.
U nutqi davomida Parkentda arxeologik yodgorlik hududi g‘isht ishlab chiqarish uchun sotib yuborilganini ham eslab o‘tdi. “Obektga yetkazilgan zarar 1 trln 587 mlrd so‘mni tashkil qildi”, — dedi qo‘mita raisi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston bosh prokuraturasi tomonidan taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu borada 2017-2021 yillarda respublika bo‘yicha jami 14ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etayotgani ma’lum qilindi.
“Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Sohada huquqbuzarlik sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.
Masalan, Jinoyat kodeksining 132-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, davlat muhofazasiga olingan moddiy-madaniy meros obektlarini nobud qilish, buzish juda katta miqdorda zarar yetkazgan holatda 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanmoqda.
Moddiy-madaniy meros obektlarini ta’mirlash va restavratsiya qilish ishlari bilan bog‘liq jarayonlarda ularga juda katta miqdorda zarar yetkazish bevosita mansabdor shaxslar ishtirokida sodir etilgani inobatga olinib, ushbu jinoyatlarni tergov qilishni ichki ishlardan prokuratura organlari tergovchilariga o‘tkazish nazarda tutilmoqda”, — dedi senator.
Ushbu Qonun Senatda ma’qullandi.
Mavzuga oid
21:09 / 15.05.2025
“Aniq reja yo‘q” - Hastimomdagi obig‘ishtlar taqdiri nima bo‘ladi?
20:46 / 27.12.2023
«Qadriyat» elektron platformasi va mobil ilovasi yaratiladi
16:31 / 29.09.2023
«Sharq» nashriyoti va O‘zAga tegishli binolarni xususiylashtirish bilan bog‘liq jarayon haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi
12:32 / 29.09.2023