O‘zbekiston | 15:14 / 08.02.2022
4468
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda maktab hovlisidagi daraxtlarni kestirgan mutasaddilarga chora ko‘rildi

Payariq tumanidagi 18-umumta’lim maktabi hududida o‘sib turgan daraxtlar «nosog‘lom» degan bahona bilan kesib tashlangan.

Foto: Payariq tuman hokimligi

Payariq tumani hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, 18-maktab hududidagi voyaga yetmagan daraxtlar «nosog‘lom» bahonasi bilan ruxsatsiz kesilgan. Shu sababli maktab direktori S.Salimov hamda xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari T.Shamsiyevga tegishli tartibda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Daraxtlarning kesilishiga mas’ul bo‘lgan maktabning chaqiriqqa qadar yoshlarni tayyorlash rahbari I.Hamidovga tuman ekologiya va atrofni muxofaza qilish bo‘limi tomonidan MJ kodeksining tegishli moddalari asosida 1 million 350 ming so‘m jarima qo‘llanilgan.

Shuningdek, maktabning eski binosi o‘rnidagi xandaqda chiqindi to‘planishida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan maktab direktori S.Salimov hamda xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari T.Shamsiyevga tegishli tartibda MJ kodeksining 91-moddasi 1-qismlari bilan eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida jarima qo‘llanilgan.

Foto: Payariq tuman hokimligi

Bundan tashqari maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari T.Shamsiyev o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashmaganligi sababli egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda tug‘uruqxona oldidagi 12 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlangan. Bundan tashqari, Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari kesishmasida ekilgan eldor qarag‘aylari kechki payt noma’lum shaxslar tomonidan kesib ketilgan. Har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan, O‘zbekiston hududida daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan, tartibni buzganlik uchun jarimalar 5 barobarga oshirilgan, yetkazilgan zarar 2 barobar qilib undirilishi belgilangan edi. Farmonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natganlarga pul to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan. Shunga qaramasdan, joylarda hamon noqonuniy daraxt kesish holatlari to‘xtamayapti.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid