O‘zbekiston | 21:52 / 08.02.2022
45442
5 daqiqa o‘qiladi

Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi barcha ustozlardan uzr so‘rashi kerak - Allamjonov Marhamatdagi voqea haqida

Mass-media fondi raisi Marhamatdagi holat uchun Andijon viloyati hokimi uzr so‘rashi kerakligini aytdi, Xalq ta’limi vazirligi aybdorlarga tegishli chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

Foto: Mass-m yed

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar ota-onalardan uzr so‘rashga majbur qilingani bo‘yicha munosabat bildirib, uzrni viloyat hokimi so‘rashi kerakligini aytdi.

«Andijonda o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, uzr so‘rashga majburlangani uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi barcha ustozlardan uzr so‘rashi kerak», deydi Allamjonov telegramdagi kanalida.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova ham ushbu holat yuzasidan tezkor munosabat berdi.

«Hozirgina Kun.uz nashrida Andijon viloyatidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘ragani aks etgan xabar e’lon qilindi. Yo‘lda bo‘lsam ham, tezkor munosabatni yozib qoldirmoqchiman.

Xalq ta’limi vazirligi bu holatni keskin qoralaydi. Ayni damda davlat siyosati darajasida o‘qituvchining obro‘si va sha’nini ko‘tarish masalasi yuqori darajada turgan vaqtda bunday holat yuz bergani mutlaqo xato.

Bu g‘oya tashabbus muallifi albatta topilib, unga tegishli chora ko‘rilishini ma’lum qilamiz. Ayni damda vaziyat Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilmoqda», deydi u videomurojaatida.

Ko‘p o‘tmay Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov ham telegramdagi sahifasi orqali vaziyatga munosabat bildirdi va aybdorlar albatta javob berishi kerakligini ta’kidladi.

«Bugun Marhamat tumanida yuz bergan holatni nafaqat o‘qituvchilarimizning sha’nini yerga urish, balki davlatimiz siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deb baholayman.

O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois, bugun davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish masalasini davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqdilar.

Bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani menga qorong‘i, lekin aybdorlar albatta javob berishi kerak. Shu o‘rinda men o‘qituvchilardan o‘z qadr-qimmatlarini yerga urishga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolaman. Sizning bu darajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yo‘q!

Hozirda Xalq ta’limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, holatni o‘rganmoqda. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan «tashabbuskorlar»ga albatta tegishli chora ko‘riladi», deya yozadi vazir.

Iqtisodchi Otabek Bakirov holat yuzasidan munosabatida ta’lim «uchinchi sinf kallasi bilan qolgan savodsiz hokimlar va ularning yugurdak shotirlari qo‘liga topshirilsa» shunaqa bo‘lishi haqida yozdi.

«Odam bolasi bunday qilmaydi, chunki odam bolasini o‘qituvchi o‘qitadi va o‘qituvchi qanchalar muqaddas ekanini odam bolasi juda yaxshi biladi. Yuz bergan voqealar jinoyat. Shunga yarasha chora ko‘rilishi kerak. Balki xaspo‘shlab yuborishar. Birinchi marta emas. Agar o‘qituvchiga nisbatan bunday ishlar bo‘lsa, demak hamma narsa mumkin. Qo‘rqinchli juda», deydi u.

Davletovuz blogi muallifi tekshiruv viloyat XTB tomonidan emas, markaz tomonidan o‘tkazilishi kerakligini qayd etdi.

«Nazarimizda, Andijon viloyatida ilgari yuz bergan bunday insidentlar sabog‘idan xulosa chiqargan holda, barcha o‘rganishlar faqat va faqat markazdan bo‘lishi kerak va barcha savollar viloyatni o‘z bekligiga aylantirib olib, doimo suvdan quruq chiqadigan viloyat rahbariyatiga qo‘yilishi kerak», deydi u.

Marhamatda nima bo‘lgandi?
Kun.uz saytiga kelgan murojaatga ko‘ra, 4 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumani 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar qarshisida kechirim so‘rashga majbur qilingan.

Manba so‘zlariga ko‘ra, direktor boshchiligida sahnaga chiqarib qo‘yilgan o‘qituvchilar hokimlik vakillari topshirig‘iga binoan bosh egib, «biz aybdormiz», deb ota-onalardan kechirim so‘rashgan.

«Tuman hokimi uchun shunday negativ kerak ekan. Yig‘ilish ssenariysi mualliflari — XTB mudirasi va hokim yordamchisi uzrbozlikka bosh-qosh bo‘ldi», deydi tadbirda ishtirok etgan Kun.uz manbasi.

Qayd etilishicha, majlisda qatnashgan ota-onalarning ayrimlari bu holatga e’tiroz bildirib, ustozlardan uzr so‘rashgan, ammo shundan keyin ham mas’ullarning harakatlarida o‘zgarish bo‘lmagan, ular tadbir tusi va ritorikasini o‘zgartirishga harakat qilishmagan, po‘pisa qilishda davom etishgan.

Mavzuga oid