O‘zbekiston | 16:46 / 09.02.2022
16962
16 daqiqa o‘qiladi

Soliq imtiyozlari: Ochiqlanayotgan ma’lumotlar yetarlimi?

2021 yilda 53 mingdan ortiq korxonaga 34 trln so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llangan. Bu – o‘tgan yilgi jami soliq tushumlarining 26,7 foizi, YaIMning 4,6 foiziga teng. Xo‘sh, bu normal ko‘rsatkichmi? Imtiyozlar borasida yana nimalar ochiqlanishi kerak?

Kollaj: Kun.uz

Davlat soliq qo‘mitasi 2021 yil yakunlariga ko‘ra soliq imtiyozlari berilgan sub’yektlar bo‘yicha ma’lumotlarni yangiladi.

Kun.uz'ning mazkur ma’lumotlar asosidagi hisoblashlari o‘tgan yil davomida 53 561 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektga 7 ta soliq turi bo‘yicha 70 644 ta holatda jami 34,9 trln so‘mlik imtiyoz qo‘llanganini ko‘rsatmoqda.

Imtiyozlar summasining asosiy qismi qo‘shilgan qiymat solig‘iga to‘g‘ri keladi.

2021 yilda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan foydalanilgan soliq imtiyozlari
(Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlari asosida Kun.uz hisob-kitoblari)

34 trillion so‘mlik imtiyozlar: bu normalmi?

Yuqoridagi hisoblashlar barcha soliq turlari bo‘yicha qo‘llanilgan imtiyozlar natijasida 2021 yilda budjetga 34 trillion 91 milliardga yaqin soliq to‘lanmaganini ko‘rsatdi. Bu – o‘tgan yilgi YaIMning 4,6 foizini tashkil qiladi.

Yaqinda e’lon qilingan Global soliq xarajatlari ma’lumotlar bazasi (GTED) ma’lumotlariga ko‘ra, soliq imtiyozlari (yuridik shaxslar va uy xo‘jaliklari uchun yengilliklar, ayrim tovarlar va xizmatlar uchun stavkalarning maqsadli pasaytirilishi) natijasida undirilmagan mablag‘lar miqdori global miqyosda o‘zgarmay qolmoqda: so‘nggi 30 yil ichida dunyo miqyosida undirilmagan soliqlar qiymati global yalpi ichki mahsulotning 3,3 foizidan 4,9 foizigacha bo‘lgan. Bundan, O‘zbekistondagi soliq imtiyozlaridan natijasida undirilmagan mablag‘lar me’yori global miqyosga mosligini ko‘rish mumkin, biroq gap bunda emas.

VoxEU mutaxassislarining yozishicha, davlatlar soliq imtiyozlari haqida e’lon qiladigan  hisobotlarning sifati, muntazamligi va hajmi sezilarli darajada farq qiladi. Avstraliya va Marokash kabi ba’zi mamlakatlarda nafaqat individual soliq xarajatlari darajasidagi imtiyozlar (ya’ni budjetga tushishi mumkin bo‘lgan daromadlar) bo‘yicha hisob-kitoblar, balki soliq bazasi, soliq imtiyozlarining turi, qanday maqsadlarda berilgani va kompaniyaning benefitsiarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham o‘z ichiga olgan to‘liq hujjatlar nashr etiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kishi boshiga daromadi past va o‘rtadan past mamlakatlarda ochiq taqdim etiladigan soliq imtiyozlari to‘g‘risidagi hisobotlar mundarijasi anchagina sifatsiz, qamrovi tor bo‘ladi. Bu – inson va moliyaviy resurslarning yetishmasligi va institutsional asoslarning zaifligi kabi qator sabablarga bog‘liq.

O‘zbekiston: Ochiqlangan ma’lumotlar mundarijasi hali to‘liq emas

O‘zbekiston – soliq imtiyozlari haqidagi ma’lumotlarni endi e’lon qila boshlagan, ochiqlikning boshlang‘ich bosqichida turgan davlatlardan biri. VoxEU mutaxassislari ham aynan o‘rtadan past daromadli mamlakatlarda soliq imtiyozlari haqidagi hisobotlar to‘liq emasligini ta’kidlashgan. Xuddi shunday, O‘zbekiston soliq bazasida imtiyozlar qaysi asosga ko‘ra berilgani haqida ma’lumot yo‘q.

2021 yil davomida soliq imtiyozlaridan foydalangan 70 mingdan ziyod sub’yektlarga qaysi normativ-huquqiy hujjatlar asosida imtiyozlar berilgani ochiqlanmagan.

DSQ e’lon qilgan jadval soliq turlari bo‘yicha sub’yektlarga berilgan umumiy imtiyoz summasi va to‘langan soliqlar bo‘yicha ma’lumotlarnigina o‘z ichiga oladi.

Ekspertlar imtiyozlarning hisob-kitobidan tashqari, ular qay maqsadda, qachon va qay tartibda berilgani hamda kompaniyaning benefitsiarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ochiq bo‘lishi kerakligini tavsiya qilishadi.

DSQ: Normativ-huquqiy hujjatlar ilova qilinadi

Davlat soliq qo‘mitasi Kun.uz'ga imtiyoz qo‘llanilish asoslari – ya’ni qaysi normativ-huquqiy hujjatga asosan imtiyoz berilgani haqidagi ma’lumotlar bazaga kiritilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, qo‘mita matbuot xizmati “E-imtiyoz” portali orqali soliq imtiyozlarining asoslari haqidagi ma’lumotlar endilikda DSQda bo‘lishini bildirdi.

“Korxonalar endi (soliq hisobotlarini) kiritishni boshlashdi; yangi dastur bilan avval hisobotlarini o‘zlari belgilab ketishgan. Bu yildan imtiyoz dasturi ishga tushirildi va asoslari bilan olyapmiz, shu sababli endi to‘liq ma’lumot soliqda bo‘ladi”, – dedi qo‘mita mas’uli.

Imtiyozlar qaysi hujjatlar bilan berilganini ochiqlashning o‘zi yetarlimi?

Ta’kidlash kerakki, soliq imtiyozlari berilgan sub’yektlarning katta qismi – budjet tashkilotlari, ijtimoiy muassasalar va davlat kompaniyalari. Biroq ro‘yxatda xususiy korxonalar, ayniqsa ijtimoiy ahamiyatga egaligi jiddiy savol ostidagi kompaniyalar ham ko‘pligini ko‘rish mumkin.

Jami soliq imtiyozlari summasining qancha qismi xususiy korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelishi DSQning tor profilli ochiq ma’lumotlarida yo‘q. Bu korxonalarning tarmoqlar kesimida guruhlanishi va benefitsiarlari haqida esa hozircha gap ham bo‘layotgani yo‘q.

Bundan tashqari, berilgan imtiyoz samara berdimi-yo‘qmi, bu savolga javob izlanmaydi. 2021 yil iyunida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Kun.uz savoliga javoban berilgan soliq imtiyozlari qanaqa samara bergani monitoring qilinmasligini tan olgandi. U berilgan imtiyozlar samarasini monitoring qilib borish tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerakligini aytgandi, biroq bu borada hozircha yangilik yo‘q.

2022 yilgi davlat dasturida imtiyozlar va preferensiyalar samarasini baholash tizimiga o‘tilishi haqida band kiritilmagan. Faqatgina davlat ko‘magi (imtiyoz va preferensiyalar) shakllari va ularni taqdim etishga nisbatan monopoliyaga qarshi talablarni belgilash ko‘zda tutilgan. Bu talablar “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlarni birlashtirish orqali kiritilishi kutilmoqda.

Shuncha imtiyozni kim bergan?

O‘zbekistonda 2020 yildan boshlab soliq imtiyozlari faqat qonun bilan beriladigan tartib o‘rnatilgan. Bunga qadar esa prezidentdan tashqari Vazirlar Mahkamasi va hatto mahalliy hokimliklar ham imtiyoz bera olardi.

“To‘g‘ri tushuninglar, bizning mamlakatimiz uchun bu bir katta qadam oldinga bo‘ldi. 483-modda, vaqtincha imtiyozlar degan narsa paydo bo‘ldi. Manzilli imtiyozlar yo‘q u yerda. Avval 2017 yildan oldingi davrni qarab chiqsangiz, manzilli imtiyozlar bor edi”,dedi 17 yanvar kuni soliq o‘zgarishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov.

Vazir o‘rinbosari imtiyozlar berilgani e’tirozlarga sabab bo‘ladigan kompaniyalar haqida ham to‘xtaldi.

“Hammani qiziqtirayotgan 20ta tashkilot haqida gapirsak – 50ta bo‘ladimi, 100tami – bu yerda soliq organi bularni elon qilgani “ayb” bo‘ldi. Ko‘raylik, havo yo‘llari nima bo‘yicha imtiyoz qo‘llashi mumkin edi, yoki temir yo‘llar 2020 yilgacha birorta yer solig‘ini to‘lamay kelgan. 2020 yildan boshlab u yer solig‘i to‘lovchisi toifasiga o‘tdi. Sababi, unda qancha yer borligi hisob-kitobini yuritishimiz kerak edi", – dedi vazir o‘rinbosari.

Mazkur matbuot anjumanida, shuningdek, Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev soliq imtiyozlari kimning yelkasiga tushishi haqidagi savolga “hech kimning” deya javob bergandi.

Davlat fiskal va moliya siyosati doirasida qaysidir sohalarni rivojlantirish uchun soliq imtiyozlarini beradi. Agar biz o‘sha soliq imtiyozlarini yashirib, e’lon qilmaganimizda, Soliq qo‘mitasiga aybdor sifatida qarashingiz mumkin edi. Biz hammasini ochiqchasiga e’lon qilyapmiz”,degandi Qudbiyev.

Aftidan, O‘zbekistonning bosh soliqchisi soliq imtiyozlarini katta muammo deb hisoblamaydi. U imtiyozlar ham muammo bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan holda, eng asosiy muammo – “adolatli hisobot berilishini ta’minlash” ekanini aytdi.

“Soliq imtiyozlari butun xalqning yelkasiga tushadi – xizmatlar yomonlashishi, soliq yuki va tashqi qarz oshishi ko‘rinishida”

Foto: Mirkomil Xolboyev / Facebook 

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Kun.uz bilan suhbatda soliq imtiyozi hech kimning yelkasiga tushmayapti deb hisoblash absurd deya fikr bildirdi.

“Absurd fikrligi shundaki, kimdir soliq imtiyozi olishi – bu adolat nuqtayi nazaridan xato. Masalan, men imtiyoz olsam-u qo‘shnim olmasa, bu tengsizlikning avj olishi yoki jamiyatdagi kayfiyatga yomon ta’sir qiladi.

Soliq tushumlari birinchi navbatda budjet daromadlarini anglatadi. Qaysidir soliq to‘lovchilarga imtiyoz berilishi esa budjet daromadlarining kamayishini anglatadi.

Kimdir soliq imtiyozi olayotgani boshqa birov standartdan ko‘ra yomonroq sinfxonada ta’lim olishi, yetarlicha tibbiy xizmatdan foydalana olmasligi, qaysidir o‘qituvchining oyligi oshmayotgani va umuman istalgan narsada ko‘rinishi mumkin. Aytaylik, davlat xarajatlarni kamaytirmasa, bu soliq yuki yoki tashqi qarzning oshishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Kimningdir imtiyoz olishi bizning davlat ta’minlaydigan ijtimoiy xizmatlar hajmining pasayishi, soliq yuki va tashqi qarzning oshishiga olib keladi. Soliq yukining oshishi imtiyoz taqdim qilinganlardan boshqa iqtisodiy qatnashchilar uchun albatta zarar. Tashqi qarz esa kelajakda to‘lashimiz shart bo‘lgan yuk hisoblanadi.

Xulosa shuki, soliq imtiyozlari albatta soliq to‘lovchilar yoki jamiyat a’zolarining, butun xalqning yelkasiga tushadi”, – deydi iqtisodchi.

“Biror sohaga imtiyoz berish – qayerga pul tikishni bozordan ko‘ra men yaxshiroq bilaman deyishga teng”

Behzod Hoshimov / Foto: Kun.uz

Kun.uz'ga intervyu bergan iqtisodchi Behzod Hoshimov biror sohaga imtiyozlar berilishining iqtisodiy jihatlari haqida gapirdi. Imtiyozlarning ko‘pligi bozordagi muvozanatni buzadi, deydi iqtisodchi.

Behzod Hoshimov quyida keltirilayotgan mulohazalarida nafaqat soliq imtiyozlari, balki u yoki bu tarmoq yoxud individual sub’yektlarga beriladigan barcha turdagi imtiyozlar va preferensiyalarni ham nazarda tutadi.

“Qonuniyat tariqasida, istisnolar va imtiyozlar yaxshi narsa emas. Lekin ba’zan mantiqqa asoslangan holda imtiyozlar taqdim etilishi ham mumkin.

Ba’zi bir xil alohida imtiyozlarning ko‘lami kichkina bo‘lgani uchun umumiy iqtisodiyotga ta’sir o‘tkazmasa-da, ko‘lami katta imtiyozlarning salbiy ta’siri bor. O‘zi, imtiyozlar berilishining sababi – o‘sha sohaga yetarlicha pul kirib bormayapti, deb hisoblash. Imtiyozlar o‘sha sohaga ko‘proq mablag‘larni jalb qilish uchun taqdim qilinadi. Buning falsafiy ildizi shundaki, biror sohaga imtiyoz berish – qayerga pul tikishni bozordan ko‘ra men yaxshiroq bilaman deyishga teng.

Bir sohaga imtiyozlarning berilishi boshqa sohalardan investitsiya va mablag‘larni, inson kapitalini kamaytirish hisobiga amalga oshiriladi. Biz qaysidir sohaga imtiyoz bersak, investorlar shu sohaga pul tikishni boshlasa, ular boshqa sohalarga ajratishi mumkin bo‘lgan pulni ushbu sohaga ajrata boshlashadi, ya’ni sun’iy tarzda bozor muvozanati buziladi.

Xo‘sh, qanday hollarda imtiyoz berish mumkin?

Bu o‘rinda bozorda yo‘q bo‘lgan narsalarni aytish mumkin. Ko‘plab iqtisodiy xatti-harakatlarimizning tashqi ta’sirlari bor; masalan, men bir mahsulotni ishlab chiqarsam, ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsataman, ana shu salbiy jihat – tashqi ta’sir.

Bu tashqi ta’sirning jamiyatga yetkazayotgan zarari mening buxgalterlik hisob-kitoblarimda aks etmaydi. Men 100 so‘mga olib, 50 so‘m xarajat qilib, 200 so‘mdan sotyapman va 50 so‘m foyda ko‘ryapman, deb hisob-kitob qilaman, vaholanki men 50 so‘m foyda qilayotgan bo‘lsam-da, shu 50 so‘mni deb jamiyatga 100 so‘mlik zarar keltirayotgan bo‘lishim mumkin. Mana shu narsa – tashqi ta’sirlardir.

Tashqi ta’sirlar ijobiy bo‘lishi ham mumkin. Masalan, ta’lim. Tadbirkor daromad ko‘rish maqsadida ta’lim muassasasi ochadi, lekin bu orqali jamiyatga bilvosita foyda ham keltiradi. Ya’ni ta’lim muassasasi ochgan tadbirkor 50 so‘m topayotgan bo‘lsa, jamiyat uning faoliyatidan 100 so‘m topayotgan bo‘lishi mumkin.

Yoki boshqa bir misol: kimdir bog‘ qilyapti. Bu bog‘ unga 0 so‘m, jamiyat uchun esa 100 so‘m foyda keltiryapti. Demak, hukumatlar imtiyoz qo‘llaydigan sohalar ijobiy tashqi ta’sirlarga ega bo‘lishi muhim.

Shu bilan birga, salbiy tashqi ta’sirlarga ega sohalarga manfiy imtiyozlar qo‘llash ham mumkin. Masalan, ekologiyaga zarar yetkazadigan faoliyat turlari uchun soliqlarni baland qilib qo‘yish. Bu ham bozordagi muvozanatga aralashish bo‘ladi, lekin biz rag‘batlarni to‘g‘ri qo‘yishimiz kerak.

Siz aynan chorvachilik va parrandachilikni aytdingiz. (Savolda chorvachilik yoki parrandachilikka beriladigan imtiyozlar miso sifatida keltirigan edi) Ular bozorda mavjud tadbirkorlik faoliyati bo‘lgani uchun men ularning tashqi ta’sirlarini ko‘rmayapman. Ya’ni idealda chorvachilikning juda ham ommalashib ketishi yaxshimi yoki yomonmi, degan savolga javob, menimcha, yomonga yaqin. Chunki chorvachilikning ham ekologik ta’sirlari bor. Har bir kilogramm go‘shtni yetishtirish uchun necha ming litr suv ketadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, imtiyozlar kerakmi-yo‘qmi degan savolga qisqa javob – vaziyatga qarab. Bunda biror sohaga imtiyoz berishdan oldin bu sohaning tashqi ta’sirlariga qarash kerak.

Umuman olganda esa qonuniyat tariqasida imtiyozlar berish yomon, degan bo‘lardim”, – deydi Behzod Hoshimov.

Xulosa

Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlash instrumentlarining barcha shakllari (imtiyoz, preferensiya, subsidiya, kompensatsiya va b.) maqsadga muvofiqligini qayta taftish qilishi hamda ularning samarasini monitoring qilib borishni yo‘lga qo‘yishi maqsadga muvofiq.

Davlat soliq qo‘mitasi imtiyozlarning shaffofligini yanada oshirishi, Davlat bojxona qo‘mitasi esa bu borada DSQdan o‘rnak olishi lozim. Ochiqlik siyosati e’lon qilingan ekan, soliq imtiyozlari bilan yonma-yon yuradigan bojxona imtiyozlari haqida ham hisobotlar jamoatchilikka taqdim etilishi zarur.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi tashabbus ko‘rsatayotgan “Lobbizm to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi ham uzoq yillarga cho‘zilib ketmay, imkon qadar qisqa fursatlarda va sifatli normalarni o‘z ichiga olgan holda amaliyotga kiritilishi muhim ahamiyatga ega.

Madina Ochilova

Mavzuga oid