O‘zbekiston | 07:21 / 10.02.2022
5580
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 12 va 16 yoshli bolalar «Neksiya»ni olib qochdi

Foto: Tergov departamenti

Toshkentda “Neksiya”ni olib qochgan 12 va 16 yoshli bolalar ushlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

2022 yilning 7 fevral kuni soat 06:43 da Bektemir tumani bo‘yicha IIO FMB Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, noma’lum shaxs Bektemir tumani Suvsoz dahasi “Rohat” MFY 47-uy oldidagi avtoturargohda 65 yoshli T.R. o‘ziga tegishli bo‘lgan “Neksiya-1” rusumli avtomashinasini qarovsiz, eshiklari qulflanmagan va kaliti o‘t oldirgichda qoldirganligidan foydalanib, avtomashinani noma’lum tomonga olib qochib, hodisa joyidan yashiringani ma’lum bo‘lgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida, mazkur jinoyatni voyaga yetmagan 12 yoshli Sh.R. va 16 yoshli F.D. sodir etgani aniqlanib, olib qochilgan avtomashina Bektemir tumani Ohangaron shohko‘chasi Chirchiq daryosi ustidagi avtomashinalar o‘tishi uchun mo‘ljallangan ko‘prik ustida turgani aniqlangan.

Holatga oydinlik kiritilganda, ko‘prik ustida avtomashinaning yonilg‘isi tugab qolgan, ushbu holatni sezgan bolalar avtomashinani tashlab yashirinmoqchi bo‘lgan vaqtida, mazkur hududda xizmat vazifasini bajarib kelayotgan patrul-post xizmati xodimlari tomonidan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid