Ukraina aviakompaniyasi samolyotiga Kiyevga qo‘nish taqiqlandi. Bu boshqa aviakompaniyalar bilan ham ro‘y berishi mumkin
Madeyradan Kiyevga uchgan yo‘lovchi samolyoti Ukraina havo kengligiga kirish taqiqlangani tufayli Kishinyovga qo‘nishga majbur bo‘ldi.
Ukrainaning SkyUp aviakompaniyasining Portugaliyaning Madeyra orolidan Kiyevdagi Borispol aeroporti tomon uchgan reysi havo kemasi egasining taqiqi tufayli Ukraina havo kengligiga kira olmadi.
Aviakompaniya saytidagi onlayn-tabloga ko‘ra, Boeing 737-800 layneri 12 fevral kuni kechqurun Portugaliyadan uchgan va keyingi kun tongida Moldova poytaxti Kishinyovga qo‘ngan.
Aviakompaniyaning hodisa bo‘yicha izohida aytilishicha, samolyotga egalik qiluvchi irland kompaniyasi reys amalga oshirilayotgan chog‘da «Ukraina havo kengligida uchish taqiqlanishi» haqida ogohlantirgan. Reysning barcha yo‘lovchilari uchun Kishinyovdan Kiyevga quruqlik orqali transfer tashkillashtirilgan.
Ukrainadagi «Strana.ua» nashri aviabozordagi manbasiga asoslanib xabar qilishicha, 14 fevral kuni yirik sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari Ukraina osmonidagi parvozlar bo‘yicha majburiyatlardan voz kechishi haqida e’lon qilishi mumkin.
Oliy rada deputati Aleksey Goncharenko ham telegram kanalida shu kabi ma’lumot bergan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Buyuk Britaniyadagi yirik sug‘urta kompaniyalaridan biri 12 fevral kuniyoq Ukraina havo kengligida uchuvchi fuqarolik samolyotlari uchun sug‘urta to‘lanishi to‘xtatilishi haqida ogohlantirish yuborgan.
«Katta ehtimol bilan Kiyev vaqti bilan ertaga soat 16:00dan Ukraina havo kengligida harakat to‘xtatiladi», — degan deputat.
SkyUp loukosteri asosan Yevropa Ittifoqi hududidagi rezidentlardan samolyotlarni ijaraga olgan holda faoliyat yuritadi. Mazkur holat boshqa samolyotlarga nisbatan ham yuz berishi mumkinligini inobatga olib, aviakompaniya 14-16 fevral kunlariga aviachiptalar sotishni vaqtinchalik to‘xtatgan.
12 fevral kuni Niderlandiyaning KLM aviakompaniyasi Rossiya bosqini xavfi kuchayishi munosabati bilan Ukraina ustidan uchishni to‘xtatishini ma’lum qilgandi. 13 fevral kuni Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi ham Ukrainaga parvozlarni to‘xtatishi mumkinligini istisno etmadi.
Ukraina infratuzilmalar vazirligi esa mamlakat havo kengliklari yopilishi haqidagi xabar asossiz ekanini ma’lum qilgan. «Ayrim aviatashuvchilarda sug‘urta bozoridagi tebranishlar tufayli muammolar yuzaga kelmoqda. Davlat aviatashuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor va aviabozor uchun qo‘shimcha moliyaviy kafolat taqdim etishni rejalashtirmoqda», — deya qayd etilgan vazirlik xabarida.
- 11 fevral kuni AQSh hukumati Rossiya «istalgan lahza»da Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Norasmiy ravishda bostirib kirish sanasi sifatida 16 fevral kuni keltirilgan. Mintaqada vaziyat keskinlashuvi tufayli 30dan ortiq mamlakat o‘z fuqarolarini u yerga bormay turish va u yerda bo‘lib turganlarni mamlakatni zudlik bilan tark etishga chaqirgan. G‘arb mamlakatlari o‘z diplomatlarining bir qismini evakuatsiya qilmoqda yoki elchixonalarini Kiyevdan Lvovga ko‘chirmoqda. Moskva Ukrainaga bostirib kirish rejasi yo‘qligini aytib keladi.
Mavzuga oid
19:02
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
17:00 / 09.11.2024