O‘zbekiston | 10:09 / 15.02.2022
1517
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatida 2021 yilgi budjet ijrosi bo‘yicha hisobot berildi

Budjet daromadlari 2,4 trln so‘mni tashkil qilib, 117,7 foizga bajarilgan. 5396 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida, 50 mingga yaqini o‘z-o‘zini band qiluvchi sifatida ro‘yxatga olingan.

Foto: Getty Images

Xorazm viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Hurmat Abdukarimov xalq deputatlari Kengashida 2021 yilgi budjet ijrosi va mahalliy budjetga qo‘shimcha manbalarni jalb qilinishi bo‘yicha hisobot berdi.

Xorazm viloyati budjet daromadlari bo‘yicha 2021 yil uchun belgilangan 1 trln 703 mlrd so‘mlik reja ko‘rsatkich haqiqatda 2 trln 4,3 mlrd so‘mga yoki 117,7 foizga bajarilib, rejaga nisbatan 301,3 mlrd so‘m qo‘shimcha undirilgan.

Yil mobaynida 5396 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinib, ularga 750,1 mln so‘m daromad solig‘i va 976,7 mln so‘m ijtimoiy soliq hisoblangan. 3471 yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati qayta tiklanib, ularga 517,1 mln so‘m daromad solig‘i va 694,3 mln so‘m ijtimoiy soliq hisoblanib, davlat budjetiga undirilgan.

Yil davomida 29816 ta ish o‘rni legallashtirilgan. «O‘zini-o‘zi band qilish» tizimi orqali norasmiy sektordagi 49819 nafar fuqaroning ish o‘rni legallashtirilib, davlat tomonidan ijtimoiy himoyada bo‘lish imkoniyati yaratilgan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining uzluksiz ishlashi uchun, aylanma mablag‘larini ko‘paytirish maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘idan 1256 ta holatda 393,2 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov summalari hisob-raqamlariga qaytarib berilgan.

2021 yilda tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida 1874 ta korxona faoliyati qayta tiklangan. 2022 yilning 1 yanvar holatiga faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub’yektlari soni 5325 ta.

2021 yilning 30 dekabr holatiga viloyatdagi soliq to‘lovchilarning budjetdan jami 118,5 mlrd so‘m soliq qarzi mavjud.

Xorazm viloyatiga 2022 yil uchun kontingent budjet daromadlari prognozi 2 trln 302 mlrd so‘mga, mahalliy budjet daromadlari prognozi 1 trln 913,6 mlrd so‘m qilib belgilangan.

Mavzuga oid