Jamiyat | 14:20 / 15.02.2022
13060
6 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda daraxtlar ostini betonlab ketganlar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Yunusobodda daraxtlar tagi betonlab ketilgan holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tadbirkor tomonidan auksionda sotib olingan hududdagi daraxtlarning tagi 3 fevral kuni betonlab tashlangan edi. Bosh prokuratura ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

“Yunusobod tumani hududidagi daraxtlar osti betonlanishiga yo‘l qo‘yilganligi holati yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra, JKning 198-moddasi 3-qismi [Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish] bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda, ushbu jinoyat ishi yuzasidan Yunusobod tuman IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha ma’lum qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan rasmiy munosabatda.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi doirasida ushbu hududdagi daraxtlarni kesib ketish faktiga ham huquqiy baho beriladi.

Gumonlanuvchilarga nisbatan ilgari surilgan ayblov tasdig‘ini topgan taqdirda, ularga 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Jinoyat kodeksida belgilanishicha, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Voqea tarixi

Betonlab ketilishidan oldin ushbu hududdagi daraxtlarga ikki marta “suiqasd” qilingandi. Xo‘sh, mojaro nimadan boshlangan edi?

Mahalliy aholi va tadbirkor o‘rtasidagi kelishmovchilik 2020 yilda boshlangan. Yunusobod tumani Otchopar-1 mahalla  aholisi 30dan ortiq archa ekib, parvarishlab kelayotgan salkam 2 sotix yer tuman hokimligi tomonidan auksionga chiqariladi va tadbirkor tomonidan qonuniy tartibda sotib olinadi. Ushbu hudud 2020 yilda Toshkent shahar hokimining qarori bilan tadbirkorga biriktirib beriladi.

Tadbirkor bu yerda qurilish boshlash uchun daraxtlarni qo‘porib tashlamoqchi bo‘lganida aholi qarshiligiga duch keladi. Daraxtlar kesilishidan xavotirlangan mahalla ahli navbat tashkil qilib, bu yerda qorovullik qila boshlaydi.

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasiga ko‘ra, bu yerdagi daraxtlar hisobga olingan va tadbirkorga bir necha bor ogohlantirish berilgan

“Tadbirkor daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha ruxsatnoma so‘rayapti. Biz rad javobini beryapmiz. Har kuni kelib, daraxtlarning hisob-kitobini qilyapmiz», - dedi Yunusobod tumani ekologiya inspektori Mirjamol Mirkomilov.

Nizoli hududni sotib olgan tadbirkor Jaloliddin Gaziboyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda 115 kv metr bo‘lgan mazkur hududni 2020 yilda auksion orqali 976 million so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga sotib olgani, auksionga qo‘yilgan joyda daraxtlar ekilgani to‘g‘risida ma’lumot berilmagani, faqat kim auksionda yutsa, yerning ostidan o‘tgan kommunikatsiya tarmog‘ini ko‘chirish talabi qo‘yilganini aytgandi.

Toshkent shahar hokimligi vakili Kun.uz’ga yangi tartibga asosan, yerning auksionga qo‘yilishini hokim hal qilmasligi, yer Davaktiv va Kadastr agentliklari tomonidan auksionga qo‘yilishi, auksion g‘olibiga beriladigan sertifikat qaror kuchiga ega ekanini ta’kidlagandi.

Surishtiruvlar davomida yerni auksionga chiqargan E-Ijro auksion savdo maydonchasiga ko‘ra, bu joy – bo‘sh turgan yer uchastkalarini tadbirkorlik qilish uchun berish haqidagi hukumat qarorida belgilangan tartibda sotuvga qo‘yilgani, Kadastr palatasi filiallari tomonidan o‘tkazilgan xatlov  natijasida “Shahriston” metro bekati yonidagi daraxtzor bo‘sh yer uchastkasi deb topilgani, shundan so‘ng uni savdoga chiqarishga o‘ndan ortiq vakolatli organ rozilik bergani, ushbu tashkilotlar orasida Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ham borligi ma’lum bo‘lgandi.

Shundan so‘ng 2021 yil 14 dekabr kuni noma’lum shaxslar mazkur hududdagi 18 tup daraxtning 10 tupini yarmigacha kesib, “chalajon” holda tashlab ketgan, buning natijasida o‘simlik dunyosiga 83.160.000 so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan edi. Ekologlar botanika bog‘i mutaxassislarini jalb qilgan holda zararlangan daraxtlarni saqlab qolish uchun ularning tanasidagi jarohatlarni davolab, yopishdi va ularni raqamlashdi.

2022 yil 9 yanvardan 10 yanvarga o‘tar kechasi daraxtlarga ikkinchi bor “suiqasd” uyushtirildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati niqobdagi noma’lum shaxslar 4 tup eldor qarag‘ayini kesib qochganini ma’lum qildi.

3 fevral kuni esa noma’lum shaxslar tomonidan mazkur yer uchastkasidagi eldor qarag‘ayi daraxtlarining tagi betonlab ketildi. Ekologlar aralashuvi bilan daraxt tagiga to‘kilgan qorishmalar Yunusobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tozalab olindi. Voqea joyiga Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov ham bordi. Ekologiya qo‘mitasi, Ekopatrul va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida mazkur hududda 24 soat nazorat o‘rnatilishi belgilandi.

Daraxtlarni kesishga urinishlar ularni kesishga doir moratoriy joriy etilgan davrda sodir etilmoqda. Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan edi.

Mavzuga oid